Sudyalik kasb emas, hayot tarzidir
Andijon viloyat sudida O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboyev ishtirokida uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unga soha faxriylari, sudyalar hamda tizimda faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar taklif etildi.
Har bir sohada bo‘lgani kabi sud tizimida ham ustoz-shogird an’analari beqiyos ahamiyatga ega. Ayniqsa, yosh sudyalar, sud idoralarida xizmat qilib kelayotgan kadrlarning ko‘p yillar shu yo‘nalishda mehnat qilib, tizimda sochi oqargan faxriylar bilan doimiy muloqotlari yigit-qizlar uchun katta tajriba maktabidir.
Uchrashuvda U. Mingboyev keyingi yillarda sohaga berilayotgan e’tibor, kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida so‘z yuritib, odil sudlovni ta’minlashda keng bilim va dunyoqarash, mustaqil fikr, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar, o‘zi qabul qilgan qaror uchun javobgarlikni zimmasiga olish mas’uliyati kabi jihatlar sudya uchun g‘oyatda muhim ekanini ta’kidladi.
[gallery-14866]
Qayd etildiki, sudya nafaqat sud jarayonida, balki hamma joyda yuksak ma’naviyatli shaxs ekanini namoyon qilishi shart. Insoniy fazilatlarga ega bo‘lmay turib, har qanday muayyan sud ishini oqilona hal qilish amri maholdir. Qolaversa, “Sudyalik - bu kasb emas, balki hayot tarzidir” degan ezgu g‘oyani ushbu maqomga ega bo‘lgan mutaxassislarning nainki o‘zlari, ularning ota-onalari, oila a’zolari ham chuqur anglab yetishlari darkor.
Uchrashuvda Andijon viloyat sudi raisi Farhodjon G‘aniyev, viloyat ma’muriy sudi raisi Mo‘ydinjon Salimov, soha faxriysi Mirzadavron G‘ofurov, Sudyalar assotsiatsiyasi Andijon filiali raisi Adham Dadaxonov, jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tumani sudi sudyasi Azizbek Odilov so‘zga chiqib, mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.
O‘zA fotomuxbiri Zuhriddin UMURZOQOV olgan suratlar.