Sudyalar xalqaro normalarni qo‘llashga tayyormi?
O‘zbekiston xalqaro miqyosda turli sohalarda o‘zaro hamkorlikni amalga oshirmoqda. Ayniqsa, keyingi yillardagi ochiqlik siyosati tufayli xalqaro darajada amalga oshirilayotgan loyihalar salmog‘i ko‘paydi.
Bu esa xalqaro darajada hal qilinishi mumkin bo‘lgan ishlar, nizolar uchrashini anglatadi. Shu ma’noda sudyalar nafaqat milliy qonunchilikni, balki xalqaro hujjatlar, shartnomalarda nazarda tutilgan me’yorlarni bilishi zarur.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Sudyalar oliy kengashi, Sudyalar oliy maktabi hamda Konrad Adenauer jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Sudyalar tomonidan iqtisodiy ishlar bo‘yicha nizolarni ko‘rib chiqishda xalqaro shartnomalar normalarini qo‘llash masalalari” mavzuida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda hududlardan iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyalar onlayn shaklda, Toshkent shahrining iqtisodiy sudlov hay’ati sudyalari esa bevosita ishtirok etdi.
Treningni Germaniyaning Martin-Lyuter universiteti professori Azar Aliyev olib bordi.
A.Aliyev o‘z so‘zida O‘zbekiston bugun ochiq mamlakat ekanini, bu esa xalqaro aloqalar, ayniqsa investitsiyaviy munosabatlar rivojlanishiga yo‘l ochganini ta’kidladi.

Ma’ruzachilar tomonidan odil sudlovni ta’minlashda O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan xalqaro normalarni qo‘llash tartibi, xalqaro normalarni qo‘llash bo‘yicha amaliyotda vujudga kelayotgan muammolar va ularni samarali hal etish masalalari hamda sudyalarni tegishli axborot va me’yoriy hujjatlar bilan ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Xalqaro huquq normalarini qo‘llash bo‘yicha sudyalar uchun tavsiyalar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. Bu yuzaga kelayotgan noaniqliklarni bartaraf qilishda muhim o‘rin tutadi.
N.Abduraimova, O‘zA