Sudyalar inson huquqlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan hamkorlikda Xiva va Samarqand shaharlarida tergov sudyalari uchun treninglar tashkil etildi.
Sudyalarning inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilish borasidagi bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlarida Buxoro, Xorazm, Samarqand viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan sudyalar ishtirok etdi.
Ikki nafar xalqaro ekspert tomonidan olib borilgan trening doirasida aniq holatlar tahlili va interaktiv muhokamalar o‘tkazildi. Ishtirokchilar inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar bilan tanishib, ularni milliy huquqiy tizimda qo‘llash usullarini va boshqa mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini ko‘rib chiqdi.

Xalqaro ekspert Klaudiya Fens ishtirokchilarning faolligi, muhokamalar mazmunli va konstruktiv ruhda o‘tganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uzluksiz ta’lim, shu jumladan tergov sudyalarining malakasini oshirish adolat, qonuniylik va jamiyatning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Trening davomida aholining zaif qatlamlarini himoya qilish, ayniqsa, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zA