“Sudlar to‘g‘risida”gi qonuning ma’zmun va mohiyati
Bizga ma’lumki, sud-huquq islohotlarini amalga oshirish va qonun ustuvorligini ta’minlashda sudlar faoliyati muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ular faoliyatini huquqiy tartibga solish borasida hamda zamon talabidan kelib chiqib bir qancha qonunlar yangi tahrirda berildi.
Darhaqiqat, buning yorqin misoli sifatida 2021 yil 27 apreldagi O‘zbekiston Respublikasining “Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi hamda 2021 yil 28 iyuldagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunlarni ko‘rishimiz mumkin.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 28 iyuldagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuni o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib to‘radi.
Jumladan, mazkur Qonunga ko‘ra, barcha sudlarda ishlar ochiq ko‘rilishi hamda ishlarni yopiq sud majlisida ko‘rib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yo‘l qo‘yilishi ko‘rsatilgan.
Sud majlisi zalida hozir bo‘lgan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalida qonunda belgilangan tartibda fotosuratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirishi mumkin.
O‘zbekistonda sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi.
Odil sudlovni amalga oshirishda har bir kishiga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi.
Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda qamoqqa olinishi mumkin emas.
Shu bilan birga, Oliy sud quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.
Bundan tashqari, qonunda 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yig‘ilishida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston fuqarosi xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkinligi belgilandi.
Sudya birinchi marta 5 yillik muddatga, navbatdagi 10 yillik muddatga va lavozimda bo‘lishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda saylanadi yoki tayinlanadi.
Oliy sud sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi 70 yoshni, boshqa sudlar sudyalari uchun – 65 yoshni tashkil etishi ham berib o‘tilgan.
Uy-joyga muhtoj bo‘lgan sudya mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda sud joylashgan yerda xizmat turar joyi bilan ta’minlanadi.
Sudya unga doimiy yashash uchun belgilangan tartibda turar joy berilgunga qadar turar joy arendasi, ijarasi (ikkilamchi ijarasi) bilan bog‘liq xarajatlari kompensatsiya qilinishi huquqiga ega.
Vakolatlari muddati tugagan sudyalarning o‘rtacha oylik ish haqi ularni yangi vakolatlar muddatiga qayta saylash yoki qayta tayinlash to‘g‘risidagi masala hal qilinayotgan davrda yoxud boshqa ish berilgunga qadar, lekin ko‘pi bilan uch oygacha saqlab qolinadi.
Sudyalarga ularning vakolatlari muddati tugaganidan keyin ular sudyalik lavozimiga saylanishga yoki tayinlanishga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud bo‘lmaganda esa avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 122-moddasida sudyalar mustaqil ekanligi, faqat qonunga bo‘ysunishlari, sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi kabi muhim normalar mustahkamlab qo‘yilgan.
Xullas, jamiyatda sud organlarining nufuzini oshirish, sudyalarning chinakam mustaqilligini va faqat qonunlarga asoslanib ish yuritishini ta’minlash o‘z urinda Asosiy qomusimiz Konstitutsyaisi va shu asosda qabul qilinayotgan qonunlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Chunki, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, inson huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilish, huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini qurishdagi muhim shartlardan biridir.
Murodbek O‘razaliyev,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga
qarshi kurashish kafedrasi professori, yu.f.d.