Sudlar inson himoyasiga xizmat qiladi
Keyingi yillarda Oʻzbekistonda sud-huquq sohasida tub oʻzgarishlar amalga oshirildi.
Keyingi yillarda Oʻzbekistonda sud-huquq sohasida tub oʻzgarishlar amalga oshirildi. Xususan, sud organlarini ixtisoslashtirish, sudyalarni lavozimiga tayinlash, qayta tayyorlash, ularning ijtimoiy va huquqiy maqomini yana-da oshirish boʻyicha qator chora-tadbirlar koʻrildi.
Davlat tomonidan koʻrilayotgan bunday chora-tadbirlar sudyalar ishining sifati va tezkorligini taʼminlash imkoniyatini bermoqda. Natijada sud xatolarining soni, ishlarni koʻrish muddatlarini buzish hollari sezilarli darajada qisqarib bormoqda.
Shunday boʻlsa-da, odil sudlov sohasidagi barcha muammolar hal etildi degan fikrni qatʼiy ayta olmaymiz. Boisi, mamlakatimiz sud tizimidagi sansalorlik holatlari hamon uchrab turadi. Fuqarolar yillar davomida haqiqat izlab turli sud instansiyalari oʻrtasida sarson boʻlmoqda. Qonuniy kuchga kirgan sud hukmlari va qarorlarining turli sabablar bilan bir necha marta qayta koʻrib chiqilishi va bekor qilinishi holatlari sud protsessi ishtirokchilarida turli shubha-gumonlarni yuzaga keltirmoqda. Shu nuqtayi nazardan, ishlarning asosiy qismini yuqori sudlarda choʻzib yubormasdan joylarning oʻzida hal etishga erishilishi bugun dolzarb masalalardan biriga aylangan.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilinishining sabablari, mazmun-mohiyati, undan kutiladigan oʻzgarishlar va natijalar xususida Toshkent davlat yuridik universiteti rektori, yuridik fanlari doktori Rahimjon HAKIMOV OʻzA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.
– Prezidentimizning joriy yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilinishining asl sabablari va mazkur hujjat asosida amalga oshiriladigan barcha ishlar sud himoyasini taʼminlashga qaratilgan desak, adashmagan boʻlamiz. Zero, odamlar suddan, u qaysi nomda va darajada boʻlmasin, nimani kutadi, unga nega murojaat qiladi?
Javobi aniq. Odamlar suddan adolatni, qonuniy himoyani kutadi, shu ishonchda unga yuzlanadi. Farmonda sudlarning ayni ishonchni toʻla oqlashiga toʻsqinlik qilayotgan omillar – ortiqcha byurokratik toʻsiqlar, sud qarorlarini qayta koʻrishning bir-birini takrorlovchi bosqichlari mavjudligi, ayniqsa, investorlar huquqlarining sud himoyasida boʻlishi yetarli darajada tashkil etilmagani singari jiddiy kamchiliklar koʻrsatilar ekan, sud organlarining tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiq tubdan qayta koʻrib chiqish vazifasi belgilandi.
Xoʻsh, bu vazifalarning eng muhimlari, ular ijrosidan kutiladigan oʻzgarishlar nimalardan iborat?
Masalan, bugungi kunda viloyat sudlari tuzilmasida yagona sud amaliyotining shakllantirilmagani, sudlarning tarqoq holda ekani fuqarolar va tadbirkorlarning sarsongarchiliklariga sabab boʻlmoqda. Soddaroq qilib aytganda, hali-hamon odamlar tasavvurida sudga murojaat qilish – oxiri koʻrinmaydigan ovora-yu sarsongarchiliklarga oʻz ixtiyori bilan rozi boʻlishdek bir gap ekani sir emas. Binobarin, birgina 2019-yilning oʻzida 58 mingdan ortiq fuqaro va tadbirkor sudlardagi ana shu hollarga nisbatan keskin eʼtirozlarini bildirgani ham bu tasavvurda “jon borligini” tasdiqlaydi.
Shu tufayli ham farmonga muvofiq, viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tuziladi.
Sud tizimi va uning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish bilan bogʻliq ushbu oʻzgarish ilgʻor xorijiy mamlakatlar tajribasiga asoslanganligini ham aytish lozim. Jumladan, Fransiya, Italiya, Kanada, Janubiy Koreya, Belarus kabi davlatlarda oʻrta boʻgʻin umumyurisdiksiya sudlari fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy ishlar boʻyicha yagona sud sifatida faoliyat yuritadi.
Farmonda yana bir muhim oʻzgarishni amalga oshirish koʻzda tutilgan. U ham boʻlsa, ilgʻor xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda respublikada samarali maʼmuriy sudlov tizimini yaratish maqsadidir.
Chunki amaldagi maʼmuriy sudlar tizimida qator muammolar kuzatilmoqdaki, ular, yuqorida aytilganidek, fuqarolarning haqli eʼtiroz va noroziliklariga sabab boʻlmoqda, sudlar faoliyati sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatyapti.
Jumladan, tuman miqyosidagi maʼmuriy sudlar ayni tuman mahalliy hokimiyat organlaridan mustaqil faoliyat yuritishida qiyinchiliklarga duch kelayotgani, natijada, chiqarayotgan qarorlarda baʼzan adolatga zaxa yetayotgani sir emas. Qolaversa, ommaviy-huquqiy nizolarni koʻrishga ixtisoslashgan maʼmuriy sudlarga oʻz tabiatiga koʻra jinoyat ishlariga oʻxshagan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni koʻrish yuklatilgani ular ish hajmining haddan ziyod ortib ketishiga sabab boʻlyapti. Deylik, Toshkent shahrida maʼmuriy sudda bitta sudʼyaning oʻrtacha oylik ish hajmi 270 tadan ortiqni tashkil qilmoqda.
Yuqoridagi muammolarni bartaraf etish maqsadida farmonda maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkazilishi orqali ularning ish yuklamasini kamaytirish va faoliyat samaradorligini oshirish belgilandi. Shu munosabat bilan 203 ta tuman (shahar) maʼmuriy sudlari negizida viloyat markazlarida 14 ta tumanlararo maʼmuriy sudlarni tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.
Maʼmuriy sudlar faoliyati toʻligʻicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jumladan, mahalliy hokimliklarning faoliyatida qonuniylikni taʼminlash, ularning noqonuniy qarorlarini bekor qilish orqali fuqaro va tadbirkorlarning huquqlarini oʻz vaqtida hamda samarali tiklashga yoʻnaltirilishi xalqaro ekspertlar, xususan, BMT rivojlanish dasturi, Germaniya rivojlanish sohasida hamkorlik tashkiloti (GIZ) va Nagoya universiteti mutaxassislari tomonidan maqbul yechim sifatida eʼtirof etiladi.
Farmonga koʻra, 2021-yil 1-yanvardan boshlab ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali “bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy etiladi. Sud qarorlarining sifatini oshirish va barqarorligini taʼminlash, sudda har bir ish boʻyicha yakuniy toʻxtamga kelish hamda fuqarolar va tadbirkorlarning sarson boʻlishining oldini olish maqsadida sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish instituti tugatiladi.
Shuningdek, bir sudning oʻzida birinchi instansiyada koʻrilgan ishlar shu sudning oʻzida keyingi instansiya sifatida koʻrilishi amaliyotiga ham barham beriladi.
Sud tergovi jarayonida inson huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va taraflarning tortishuvchanligi tamoyilini amalda roʻyobga chiqarish maqsadida jinoyat sudlarida dastlabki eshituv bosqichini tatbiq etish belgilandi.
Mazkur modelning joriy etilishi milliy sud tizimini xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy amaliyotga moslashtirishga xizmat qiladi. Zero, dastlabki eshituv instituti nafaqat anglo-sakson sud tizimida (AQSH, Buyuk Britaniya va hakozo) balki roman-german sud tizimida (Germaniya, Fransiya va boshqalar) hamda MDH mamlakatlarida (masalan, Rossiya va Qozogʻistonda) joriy etilgan hamda amalda oʻzini oqlagan.
Taʼkidlash joizki, bugun sudning chinakam mustaqilligini, taraflarning sudda tortishuvchanlik va tengligi tamoyilini toʻliq taʼminlashga toʻsqinlik qiluvchi qator salbiy omillar saqlanib qolmoqda. Masalan, qonunchilikda prokuror sudda ayblovdan voz kechgan taqdirda sudya qanday qaror qabul qilishi kerakligi belgilanmagan. Natijada, oxirgi 3 yil davomida prokurorlar tomonidan biron marotaba ham ayblovdan voz kechilmagan. Prokuror tomonidan suddan ishni oʻz tashabbusi bilan chaqirib olinishi esa taraflarning tengligi tamoyili buzilishiga va turli suiisteʼmolchiliklarga olib kelishi tayin.
Yana bir misol. 2019-yilda Margʻilon shahar sudi sudyasi oqlov hukmi chiqargani uchun prokuror tomonidan uning ilgari koʻrgan barcha (100 dan ortiq) ishlari chaqirib olingan. Qolaversa, prokurorning uning ishtiroki shart boʻlmagan fuqarolar yoki tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq ishlar koʻrilishida ham oʻz tanlovi asosida qatnashib, taraflar yoki sudga bosim oʻtkazishi, prokurorning faqatgina ayrim toifadagi iqtisodiy fuqarolik ishlarini sudda koʻrib chiqilishida majburiy ishtirok etishi singari salbiy holatlarga barham berilishi mazkur farmon ahamiyatini yana-da oshiradi.
Joriy etilayotgan tartib prokuratura va sud orasidagi munosabatlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga hamda jinoyat protsessi ishtirokchilari vakolatlarining oʻzaro muvozanatini taʼminlashga xizmat qiladi.
Bugungi kunda sudyalar va sud xodimlarining moddiy taʼminoti byudjetdan tashqari sud hokimiyati organlari faoliyatini rivojlantirish jamgʻarmasi va byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi ularning xolisligi hamda adolatli qarorlar qabul qilishiga salbiy taʼsir oʻtkazishi mumkinligi ham xalqaro ekspertlar tomonidan tanqid qilingan edi.
Farmonda ushbu holatlarni bartaraf etish hamda sudning Oʻzbekiston Respublikasi nomidan qaror qabul qilishini inobatga olib, respublika Konstitutsiyaviy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, quyi sud tizimi sudyalari, Sudyalar oliy maktabi va ularning apparati xodimlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti va uning hududiy boʻlimlari xodimlari ish haqlari va qoʻshimcha toʻlovlarini toʻliq Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish belgilab qoʻyildi.
Ishonamizki, ushbu farmon mamlakatimizda xolis va odil sudlovni taʼminlash, sud jarayonida inson huquq va manfaatlarini qonuniy himoya qilishning yangi davrini boshlab beradi.