Sudlar faoliyatida korrupsiyaviy omillarning oldi olinadi
bugungi kunda odil sudlovni amalga oshirish sifati yaxshilandi, sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash choralari ko‘rildi. Jumladan, Oliy sudning “ADOLAT” axborot tizimlari kompleksi platformasida Interaktiv xizmatlar portali (my.sud.uz) ishga tushirildi.
Shuningdek, “ADOLAT” axborot tizimlari kompleksi platformasida protsess ishtirokchilarini ularga sud xabarnomalarini elektron shaklda, shuningdek, “SMS” xabar va elektron pochta manziliga yuborish orqali xabardor qilish, sud hujjatlarini taraflarga Internet tarmog‘i orqali taqdim etish imkoniyatlarini beruvchi dasturiy ta’minot ishlab chiqildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Adolat» SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida shu borada so‘z bordi. Yig‘ilishda «Sudlar faoliyatining raqamlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan sudlar faoliyatini raqamlashtirishni kengaytirish orqali ishlarni yuritishda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy omillarning oldi olinadi, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasi oshiriladi, aholining mablag‘lari tejaladi, mamlakatning xalqaro reytinglardagi nufuzini oshirishga erishiladi.
Tadbirda qonun loyihasi bo‘yicha deputatlar tomonidan aniqlashtiruvchi savollar berilib, batafsil javoblar olindi. Fraksiya a’zolari qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladilar.
M.Komilova, O‘zA