Sudlar adolat qo‘rg‘oni bo‘lmog‘i lozim
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida so‘zlagan nutqida BMTning din yoki e’tiqod erkinligi, sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachilarining tavsiyalari O‘zbekistonda alohida e’tiborga olinayotganini ma’lum qilib, Sudyalar kengashlari faoliyatining universal prinsiplarini ishlab chiqish masalasi ko‘rib chiqilishi bo‘yicha taklif kiritdi.
Ma’lumki, mamlakatimizda sudlar faoliyatini isloh qilish borasida izchil ish olib borilmoqda. Keyingi yillarda bu yo‘nalishda ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va ijroga yo‘naltirildi.
Joriy yil yanvar oyida sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga sud qarorlarini qayta ko‘rish institutini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
2021 yil 13 yanvardan sud qarori ustidan nazorat tartibida shikoyat berish instituti tugatildi, sud qarori ustidan apellyatsiya va kassatsiya tartibida shikoyat berishning amaldagi tartibi tubdan o‘zgartirildi, apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari vakolati kengaytirildi, ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rib chiqish vakolati ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazildi.
Sud-huquq islohotlari haqida so‘z borganda davlatimiz rahbarining 2020 yil 22 iyundagi farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyasi va shu asosda ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ga to‘xtalish zarur.
Mazkur hujjatlarda, jumladan, sud-huquq tizimini yanada rivojlantirishga taalluqli bir necha chora-tadbir ham o‘z aksini topgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ushbu sohada qisqa muddatda amalga oshirilgan tarixiy demokratik islohotlar yurtimizni xalqaro maydondagi nufuzi va obro‘-e’tiborini tamoman yangi bosqichga olib chiqqanini alohida e’tirof etish joiz.
Shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan tomonidan O‘zbekistonga 2019 yilgi tashrif yakuni bo‘yicha ma’ruza doirasida e’lon qilingan ijobiy fikrlar va dalillar ham bu boradagi sa’y-harakatlarimizning o‘ziga xos e’tirofi bo‘ldi.
Mamlakatimiz inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatga, jumladan, BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgani soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqaro shartnomaviy majburiyatlarni bajarish yuzasidan inson huquqlariga oid milliy qonunchilik bazasi izchil takomillashtirilmoqda. Buni keyingi bir yil davomida 70 dan ortiq qonun, 350 dan ziyod Prezident farmon va qarori qabul qilingani ham tasdiqlaydi.
Ayniqsa, siyosiy-huquqiy nuqtai nazardan yondashilganda, uzoq muddatga mo‘ljallangan ushbu Milliy strategiya O‘zbekistonning 30 yillik mustaqil demokratik taraqqiyoti davrida inson huquqlarini himoya qilish va sud-huquq islohotlarini chuqurlashtirish yo‘lidagi eng muhim tarixiy qadamlaridan biri bo‘ldi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Sud ishini ko‘rib chiqishda adolat, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash uchun «Elektron odil sudlov» tizimi joriy etildi.
Mamlakatda inson huquqlariga oid amaldagi holatni o‘rganish natijasi, shuningdek, BMTning shartnomaviy organlari, O‘zbekistonga tashrif buyurgan BMT maxsus ma’ruzachilari, Universal davriy hisobot va boshqa xalqaro mexanizmlar doirasida berilgan tavsiyalarning tizimli tahliliga ko‘ra, inson huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatini samarali himoya qilishni ta’minlash maqsadida sohada demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va izchil davom ettirish lozimligini talab qilmoqda.
Shu o‘rinda, sudlar tomonidan inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, xususan, asossiz jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan oqlov hukmi chiqarish bo‘yicha faoliyatga e’tibor qaratish kerak.
Tahlillarga qarasak, keyingi 4 yil ichida sudlar tomonidan 2770 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilganini ko‘rish mumkin.
Sudlar mustaqilligi va xolisligini ta’minlash maqsadida sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining huquqiy asoslarini shakllantirish hamda «Xabeas korpus» institutini yanada takomillashtirish yo‘li bilan inson huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatini ta’minlashda sud hokimiyatining rolini oshirish, sud jarayonida tenglik va tortishuv tamoyilini to‘liq joriy qilish, advokaturani mustaqil, ishonchli huquqni himoya qiluvchi institutga aylantirish, malakaviy yuridik yordam sifati hamda advokat kasbi nufuzini ko‘tarish, inson huquqlari sohasida ixtisoslashgan huquqshunoslar tayyorlash tizimini takomillashtirish kabi ustuvor vazifalar Milliy strategiyani amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilangan.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya va “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida belgilab berilgan vazifalar to‘liq va sifatli amalga oshirilsa, mamlakatimizda sudyalar va advokatlar mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan yutuqlar ham o‘z-o‘zidan yuzaga chiqa boshlaydi.
Otabek Norboyev,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
bo‘lim boshlig‘i