Sudda mediativ kelishuvning afzalliklari
“Mediatsiya” atamasi xalqimiz uchun yangi tushuncha bo‘lishi mumkin, biroq bu aslida milliy qadriyatdir.
Odamlarimiz ham “falonchi pistonchini sudga beribdi” degan gap-so‘zdan andisha qiladi. Shu sababli, xalqimiz insonlar o‘rtasida nizo kelib chiqsa, yoshi ulug‘lar o‘rtaga tushadi, tomonlarni o‘zaro yarashtirishga harakat qiladi. Yuridik til nuqtai nazaridan, mediatsiya – kelib chiqqan nizoni taraflar o‘zaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usuli hisoblanadi. Sodda qilib aytganda, tomonlar o‘rtasida nizo yuzaga kelsa, uni sudda emas, mediator huzurida hal qilish tushuniladi.
Mazkur amaliyot mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining “Mediatsiya to‘g‘risida” gi qonuni bilan yo‘lga qo‘yilgan. Tadbirkorlar o‘rtasida nizo kelib chiqsa va tomonlardan biri iqtisodiy sudga da’vo ariza bilan murojaat qilgan bo‘lsa, sud taraflarga nizoni mediativ kelishuv yo‘li bilan hal etish mumkinligini tushuntiradi. Basharti, tomonlar nizoni mediator huzurida hal etish istagini bildirsa, sud ularga 2 oydan oshmagan holda muddat beradi va bu orada ishni ko‘rish to‘xtatiladi. Agarda tadbirkorlar shu 2 oy davomida mediativ kelishuvga erishsa, sud da’voni ko‘rmasdan qoldiradi. Bu – nizo suddan tashqari, sudning ishtirokisiz hal etildi degani.
Sudga ishiga tushgan tadbirkorlarimiz yaxshi biladi sudda ish ko‘rilsa, albatta davlat boji undiriladi. Tomonlarning mediativ kelishuv tuzganligi natijasida sud da’voni ko‘rmasdan qoldirgan bo‘lsa, davlat boji undirilmaydi. Chunki nizoni sud hal etmadida. E’tibor bering, Andijon viloyati iqtisodiy sudlari tomonidan 2020 yilda 16 ta, 2021 yilda 160 ta, shu yilning 2 oyida esa 72 ta ish ish mediativ kelishuv tuzilganligi sababli ko‘rmasdan qoldirilgan. Bundan ayonki, nizoni mediativ kelishuv yo‘li bilan hal etish ko‘rsatkichi yildan yilga oshmoqda.
Bunday tartibning tadbirkorlarga qanday qulayligi bor?
Birinchidan, nizo sud tomonidan emas, meditor huzurida tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida hal etiladi.
Ikkinchidan, mediativ kelishuv natijasida sudda ko‘rilayotgan da’vo ko‘rmasdan qoldirilsa, davlat boji undirilmaydi.
Uchinchidan, tomonlar sud tomonidan berilgan muddat ichida mediativ kelishuvga erisholmasa, sud da’vo bo‘yicha ishni to‘liq ko‘rib chiqadi va tegishli qarori e’lon qiladi.
To‘rtinchidan, agarda mediativ kelishuvni tomonlardan biri ixtiyoriy ravishda bajarmasa, ikkinchi tomon sudga takroran o‘sha da’vo bilan murojaat qilish huquqini saqlab qoladi.
Bevosita amaliyotdan kelib chiqadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Savdo sanoat palatasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi “Asaka paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyati manfaatida iqtisodiy sudga murojaat qilib, javobgar – “Vodiy sanoat faxri” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobidan 12 milliard 941 million 712 ming 264 so‘m asosiy qarz, 6 milliard 470 million 856 ming 132 so‘m penya undirishni so‘ragan. Sud muhokamasi davrida tomonlar nizoni mediativ kelishuv yo‘li bilan hal etish istagini bildirgan va sudga professional mediator huzurida tomonlar ishtirokida tuzilgan mediativ kelishuvni taqdim etgan.
Sudning 2022 yil 8 fevraldagi ajrimi bilan da’vo ko‘rmasdan qoldirilgan. Mediativ kelishuv tuzilganligi natijasida sud da’voni ko‘rmasdan qoldirgani uchun davlat boji to‘lovi bilan bog‘liq imtiyoz mavjudligi sababli taraflardan 388 million 251 ming 367 so‘m miqdorida davlat boji to‘lanmaydigan bo‘ldi.
Viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida xitoylik investor ishtirokida da’vo ariza muhokama qilindi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi iqtisodiy sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, javobgar – “Agrotour Technovation” mas’uliyati cheklangan jamiyati va Andijon shahar hokimligi bilan 2019 yil 7 oktyabrdagi kelgusida investitsiya kiritish va ish o‘rinlari yaratish uchun bino-inshootlarni oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni va 825 ming AQSH dollari miqdorida jarima undirishni so‘ragan.
Shartnoma shartiga ko‘ra, xitoylik investor kamida 5 million 500 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritishi (bino-inshootlarni rekonstruksiya qilishi, jihozlashi va mehmonxonaga aylantirishi) va kamida 50 nafar doimiy ish o‘rni yaratish majburiyatini olgan. Dastlab investitsiya kiritish muddati 2020 yil 6 oktyabrga qadar belgilangan, keyinchalik tomonlarning kelishuvi bilan muddat ikki marta 6 oy muddatdan uzaytirilgan. Investor tomonidan investitsiya 2021 yil 6 oktyabrgacha to‘liq kiritilishi va mehmonxona ishga tushurilishi lozim bo‘lgan. Shu sababli, da’vogar sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, shartnoma va qo‘shimcha kelishuvlarni bekor qilishni, jarima undirishni so‘ragan.
Sud muhokamasi davrida tomonlar investitsiya kiritish yakunlanib qolganligi, majmua bir-ikki oyda to‘liq ishga tushirilishini ma’lum qilib, nizoni mediativ kelishuv yo‘li bilan hal etishni so‘ragan. Sud tomonidan ularga nizoni mediativ kelishuv yo‘li bilan hal etish uchun 2 oy muhlat berilgan va hozircha ishni ko‘rish to‘xtatilgan. Bunday tartib xorijlik investorga shu muddat davomida investitsiyani to‘liq kiritish va majmuani ishga tushirish uchun yana bir imkoniyat berilganidan dalolatdir.
Shoyadbek MIRZAEV,
Andijon viloyati sudi raisining o‘rinbosari.
O‘zA