Sud xodimlari “yashil” muhitga hissa qo‘shdi
Bugungi kunda sayyoramizda ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishlari va tabiat resurslarining kamayishi insoniyat oldidagi eng dolzarb masalalardan biriga aylandi.
Namangan viloyati sudi hamda viloyat ma’muriy sudining sudyalari va xodimlari “Yashil makon” loyihasi doirasida Uychi tumanidagi Yangiyer mahallasi hududida tashkil etilgan aksiyada faol ishtirok etdilar. Ko‘chat ekish aksiyasida dastlab sud raislari “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” davlat dasturi, xususan, “Yashil makon” harakatining ahamiyati xususida gapirib, bu, avvalo, Yangi O‘zbekistonni yanada obod etish, atrof-muhit musaffoligini ta’minlashda muhim ekanligini ta’kidladi.


Shundan so‘ng nuroniylarning duolari bilan ko‘chat ekishga kirishildi. Mazkur aksiyada viloyat, shahar, tuman sudlarining 100 nafardan ziyod sudya va xodimlari 500 tupga yaqin mevali va manzarali ko‘chatlarni o‘tqazdilar. Bayramga aylanib ketgan aksiya davomida onaxonlar va sudya ayollar tomonidan milliy pishiriqlar pishirilib, dasturxonga tortildi.
Tadbir doirasida “Yangiyer” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan oila vakillarining xolidan xabar olinib, xonadonlarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Hovlilarga bodom, shaftoli, olma, o‘rik kabi mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, ko‘ngillar shod etildi.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.