Sud tizimida gender tenglik taʼminlanadi
Poytaxtimizda sud tizimida gender tenglikni taʼminlash bilan bogʻliq masalalarga bagʻishlangan amaliy seminar tashkil etildi.
Poytaxtimizda sud tizimida gender tenglikni taʼminlash bilan bogʻliq masalalarga bagʻishlangan amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya, Oliy sud tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi hamda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya, Oliy sud, Senatning Xotin qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi aʼzolari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, xorijiy ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari muhokamaga videokonferens-aloqa vositasida bogʻlandi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasi doimiy diqqat markazida. Bu yoʻnalishda qabul qilinayotgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, avvalo, ayollar huquqlarini taʼminlash va barcha sohalardagi imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Davlatimiz rahbarining “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni shular jumlasidan.
Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi yoʻlida hamkorlik” qoʻshma loyihasi doirasida Oliy sud tomonidan sud tizimida gender tenglikni taʼminlashga hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarining 5-yoʻnalishiga erishishda sud tizimining oʻrnini kuchaytirishga qaratilgan bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi yoʻlida hamkorlik” qoʻshma loyihasi ekspertlari tomonidan sud tizimida ayollarning oʻrnini yana-da oshirishga qaratilgan tahliliy maʼlumotnoma tayyorlandi.
Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya hamda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi ham bu jarayonda faol ishtirok etmoqda. Xususan, ushbu tuzilmalar tomonidan Sudyalar oliy kengashi va Oliy sud bilan hamkorlikda sudyalar orasida gender tenglikni taʼminlovchi mexanizmlarni joriy etish boʻyicha dastur ishlab chiqildi.
Unga koʻra, ayol sudyalarni tizimli ravishda tayyorlash, ularning bilim va salohiyat darajasini oshirish, tizimda sudya xotin-qizlar sonini koʻpaytirish, shu bilan birga sud tizimida faoliyat koʻrsatayotgan xotin-qizlarga nisbatan ish joylarida zarur shart-sharoitlar yaratish kabi vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi. Tadbirda ushbu dastur va boshqa shu kabi ish rejalarini muddatida va toʻliq amalga oshirishga oid masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, ayollar uchun odil sudlov samaradorligini oshirish boʻyicha xalqaro tajriba va uni Oʻzbekistonda qoʻllash istiqbollari koʻrib chiqildi.
Amaliy seminarda ayollar huquqlarini taʼminlash va himoya qilish sohasida sudlar faoliyati samaradorligini baholash uchun gender koʻrsatkichlarini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, Oʻzbekiston qonunchiligida gender-huquqiy ekspertizasini oʻtkazish kabi yoʻnalishlarda tahliliy tadqiqotlar natijalari ham taqdim etildi.