«Bolam senga shu sudyalikdan boshqa biror ish (lavozim) yo‘qmi», deydilar otam...
Afsuski, bu borada men yolg‘iz emasman, tag-zamirida ana shunday tashvishli ohang mavjud, hech bir manfaatsiz va g‘amxo‘rlik bilan aytilayotgan, ota-onalarining, yaqinlarining beminnat mehridan sug‘orilgan bu kabi so‘zlarni eshitgan, eshitayotgan hamkasblarim anchagina.
Illo, sinalgan, charxlangan, albatta surilib-turtilib, ezilib, so‘ngra rostlangan hayotiy tajribaga asoslangan mushohada shundan iboratki, «qozilik yuki» faqatgina sudya chiqarayotgan qaror yuki, qaror qabul qilish mas’uliyati, qarorning qonuniyligi, to‘g‘riligi, asosliligi bilangina cheklanib qolmaydi.
Bu yuk, biz tasavvur qilgandan ko‘ra, anchagina og‘irdir. So‘z yuritilayotgan yukning zalvorini, shu o‘rinda hazrat Jaloliddin Rumiyning «Fihi-mafihi» asarida keltirilgan va «muqaddas kitob» kalomlaridan olingan ushbu so‘zlar bilan ta’riflasak, to‘g‘ri bo‘ladi: «Biz omonatni ko‘klarga, yerga va tog‘larga taklif etdik. Ular omonatni o‘z zimmalariga olishdan chekindilar, unga xiyonatdan qo‘rqib, andisha qildilar. Ammo omonatni inson o‘z gardaniga oldi».
Alqissa, qozilar ham qozilik faoliyatida aynan insoniyat gardaniga olgan «omonat»lardan biri bo‘lgan – «adolat»ni ta’minlashni, haqiqatni ro‘yobga chiqarishni o‘z zimmasiga olgandirlar.
Shu ma’noda otamning yuqoridagi so‘zlarida bir tarafdan «omonat» yukini menga eslatish nazarda tutilgan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan esa, bu hayot! Hayotda esa, manfaatlar to‘qnashuvining yuzaga kelishi tabiiy, jumladan, qonunchilikdagi bo‘shliq, o‘z ustunligini qonun ustuvorligiga to‘la bo‘shatib bera olmayotgan topshiriq, ko‘rsatmalar tizimining birlamchiligi, ya’ni qonun osti hujjatlari bilan ishlash amaliyotiga qattiq bog‘lanib qolinganlik va bu amaliyotidan voz kecha olmayotganligimiz sabab bo‘lsa kerak.
Lekin, shunday bo‘lsada, ba’zan o‘zimizga-o‘zimiz «biz qozi emas, sudyamizku, chunki bizning huquqiy tizimimiz, anglo-sakson huquq oilasiga emas, balki Romana-German huquq tizimi oilasiga kiradi.
Roman-German huquq tizimi oilasida esa sudyaning har bir harakati protsessual jihatdan tartibga solingan, sudya tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning asosi ham qonunchilik bilan belgilab qo‘yilgan.
Umuman olganda, bu - huquq oilasida ijtimoiy va boshqa munosabatlar huquqiy tomondan qonun hujjatlari asosida tizimlashtirilib qo‘yilgani bois, sud faoliyati ham tizimlashtirilgan qonunlar – kodekslarga tayanadi.
Shu bois sudya yuki og‘ir emas yoki anglo-sakson huquq tizimi davlatlarida faoliyat yurituvchi qozilar kabi ancha ko‘p vakolatni nazarda tutmaydi, yukimiz ham nisbatan yengilroq» degan ma’noda o‘zimizni ovutamiz...
Chunki, kontinental (roman-german) huquq tizimida, sudya faqat qonunga asosan ish ko‘radi yoki faqat nizo (da’vo)ga oid mavjud bo‘lgan qonun hujjatlarnigina qo‘llaydi.
Faraz qilganingizdek, qozi maslahatxonada qolar ekan, ba’zan haqiqatli adolat va to‘la mukammal bo‘lmagan qonunni qo‘llash masalasida fikrlar to‘qnashib, o‘sha fikr-mulohazalar bir-biri bilan qattiq tortishib qolishadi...
Shuning uchun ham qozilik yuki, sudyalik mas’uliyati haqida so‘z borar ekan, buni maslahatxonada qolganingizda yoki qarorni imzolayotganingizda butun vujudingizdan o‘tkazasiz.
Ayniqsa, mavjud fakt bilan ichki ishonchingiz, yuragingiz bilan aqlingiz bahslashayotganda yoki «adolat» nomli ko‘rinmas ilohiy tushuncha bilan qo‘lingizda naqd bo‘lib manaman deb turgan «qonun» tortishib qolgan kezlarda qozilik yukini peshonangiz terlab his etasiz. Shuningdek, qon bosimingiz zimdan ko‘tarilib his etasiz, qarorni o‘qishdan oldin taraflarning yuziga qarab, bilib-bildirilmaydigan ma’noli nikohlarda his etasiz va bir so‘z bilan aytganda, ana shunda yanada teranroq his etasiz.
To‘g‘ri, sovuqqon bo‘lishga intilasiz, ortiqcha hissiyot tugal xulosaga kela olmasligingiz omili bo‘lishini anglaysiz, natija qabul qilajak qarorning qonuniy va to‘g‘riligiga salbiy ta’sir etishi mumkinligi ham ko‘z o‘ngingizdan o‘tadi.
Oqibat noto‘g‘ri qaror taraflarga va yoki faqatgina sizgagina zarar keltirishini ham ba’zan oldindan anglab yetganday bo‘lasiz.
Ana shunda haq bo‘la turib, lekin o‘zining haqligini qonunga muvofiq tarzda isbotlab bera olmayotgan u yoki bu tarafning 92 tomiri sizga tomon egilib, sizdan najot bilan adolat kutayotganligi ham aynan maslahatxonada ko‘z o‘ngingizdan o‘tadi.
Bunday chog‘da dod deya olmaysiz, sudya qonun va faqat qonunni qo‘llashi zarur.
Chunki sudya O‘zbekiston Respublikasi IPKga muvofiq, ishda ishtirok etuvchi shaxslar asos qilib keltirgan qaysi qonunchilik hujjatlarini ushbu ish bo‘yicha qo‘llash mumkin emasligini, qaysi qonunchilik hujjatlarini qo‘llash zarurligini aniqlaydi va sudning hal qiluv qarori qonuniy va asoslantirilgan bo‘lishi, hal qiluv qarorini qabul qilishda sud amal qilgan qonunchilik hujjatlari hamda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar asos qilib keltirgan qonunchilik hujjatlarini qo‘llamaganligining asoslarini ko‘rsatadi.
HAMMA GAP ANA SHUNDA...
Qarorning asosi qonun hujjatlariga muvofiq kelishi va u yoki bu qonun hujjatlari bilan asoslanishi lozim.
Misol uchun, bir tadbirkorlik sub’ekti bankdan ikkinchi bir tadbirkorlik sub’ekti uchun kredit rasmiylashtirdi. Ya’ni, ikkinchi tadbirkorlik sub’ektining lafziga ishonib, o‘z nomiga rasmiylashtirilgan kredit mablag‘ini o‘sha - lafzi yo‘q yoki lafzining ustidan chiqa olmagan ikkinchi tadbirkorlik sub’ektiga og‘zaki kelishuvga ko‘ra beradi. Xullas, bir tadbirkor kredit mablag‘ini ikkinchi tadbirkorlik sub’ektiga berib, unga beminnat yordam ko‘rsatadi.
Lekin, ikkinchi tadbirkorlik sub’ekti birinchi tadbirkorlik sub’ektining ishonchini oqlamaydi va oqibatda kredit mablag‘i bankka qaytarilmaydi. Shundan so‘ng bank birinchi tadbirkorlik sub’ektini sudga berdi. Tasavvur qiling, endi sud qanday qaror qabul qiladi?!
Albatta, sud majlisida hujjatlar «gapiradi». Chunki qonun talabi shu – kredit shartnomasi tarafi bo‘lgan qarz oluvchi u kredit mablag‘ini amalda kim uchun olgani yoki kimga berib yuborgani yo uni kimdir ishonchiga kirib, shu kredit shartnomasini imzolashga ko‘ndirganligi va boshqa holatlardan qat’i nazar, mavjud hujjatlar va mavjud qonunlarga tayanilib, kredit mablag‘i ikkinchi tadbirkorlik sub’ekti shartnoma bo‘yicha hech kim emasligi sabab, qonun oldida javobgar hisoblanmaydi.
Demak, bunday holda kredit mablag‘ini ikkinchi tadbirkorlik sub’ekti o‘zi olganligini sudga kelib tan olsa ham, kredit mablag‘i birinchi tadbirkorlik sub’ektidan undiriladi.
Asos esa qonun. Qonunda esa, birinchi tadbirkorlik sub’ekti harakati oqlanmaydi, u birinchidan bilib turib, o‘zi uchun olmaydigan va boshqaga beriladigan kredit shartnomasiga imzo qo‘ygan.
Shuningdek, kimgadir ishongani, u esa ishonchini oqlamaganligi, aldanganligi, uning bu holatni isbotlashi va keyinchalik regress tartibida da’vo bilan sudga murojaat qilishi huquqidan foydalanishigagina asos bo‘ladi.
Adolat qani? degan savolga esa qozi – «qozilik yukini anglagan holatda, qonunga muvofiq, «hurmatli birinchi tadbirkorlik sub’ekti, sizga ikkinchi tadbirkorlik sub’ekti ishonchingizga kirib, aslida sizga kerak bo‘lmagan kredit mablag‘i uchun kredit shartnomasini sizga aldab imzolatgani va siz ko‘rgan zararingizni ikkinchi tadbirkorlik sub’ektini tergov organiga berib, sud hukmini chiqartirib, kredit shartnomasini haqiqiy emasligini isbotlab, undan keyingina undirib olishingiz mumkin deb», tushuntirish beradi.
QOZILIK YUKI NIMADA?
Ayni shu misolda «qozilik yuki» nimada deysizmi? Ushbu misolda qozilik yuki shundaki, siz haqiqatdan ham kredit mablag‘i ikkinchi tadbirkorlik sub’ekti tomonidan o‘zlashtirilganligini bilasiz, lekin o‘z qaroringizda buni asoslay olmaysiz, chunki bu holat qonunga muvofiq, hujjatlar asosida asoslanishi lozim.
«Adolat shuki, aslida haqiqat shundan iboratki», degan so‘zlarni keltirish orqali kredit mablag‘ini ikkinchi tadbirkorlik sub’ektidan undirish haqida qaror qila olmaysiz...
Bunday qaror qonuniy asoslanmagan qaror, deyiladi. Afsuski, qarorni asoslantirish uchun birinchi tadbirkorlik sub’ekti hali tergov organi va JIB sud eshigini ham qoqishi kerak bo‘ladi.
Nima ham derdik, kontinental (roman-german) huquq tizimidagi davlatlardagi, shuningdek, milliy qonunchilik tizimi rivojlanish bosqichidagi, qonun hujjatlari tez-tez o‘zgarib turadigan sudlarda «qozilik yuki» zalvori ayni shu misolda ham namoyondir.
Anglaganingizdek, qozilar uchun avvalo qonun va qonun ustuvorligi adolatdir. Ularning qarorlari qonuniy hamda qonun normasiga asoslangan bo‘lishi ham shart. Shundagina sudya qonun ustivorligini, qonuniylikni, qonun oldida tenglikni, javobgarlik muqarrarligini ta’minlaydi.
Lekin, yana bir muhim chuqur mushohadali jihat borki, buni hazm qilish masalasi ham bugungi kungacha dolzarbdir.
Kreativ yondashuv, yangicha fikrlash, demokratik - insonparvar qonunlar asosida ishni tashkil etish, eski jamiyat qobig‘idan chiqib ketishga jur’at topa bilish, adolat oliy qadriyat, tadbirkor ham xato qilishga moyil va bu xatoni sudma-sud emas, shu iqtisodiy sudning o‘zida ham to‘g‘rilasa bo‘ladi yoki sudning qaror qabul qilishi uchun ayrim hollarda JIB sudning hukmi dalil degan qarashga yopishib olmasdan, protsessual qonunchilikni soddalashtirish haqida fikrlovchilarning fikrlar bilan hisoblashishga ham to‘g‘ri keladi...
Zero, «adolat bu o‘zgarmas qonun, lekin har bir qonun bu adolat degani emas». Alqissa, qozilik yukini, bu yukni og‘irlashtiradigan omillarni ham qayta ko‘rib chiqishga zarurat mavjud.
Chunki, inson yaratgan qonunlar o‘zgarishga mahkum, negaki, insonning o‘zi va uning dunyoqarashi o‘zgaruvchan mavjudot. Lekin qozilik yuki - adolat o‘zgarmaydi. Negaki, adolat va haqiqat bu o‘zgarmas qonunlardir.
Xulosa shuki, qozilari nafaqat qonunga, balki adolat, haqiqatga intilgan jamiyatda qonun yoki qonunchilik ham o‘z-o‘zidan takomilga qarab, yuksalib boradi. Qozilik yuki zalvori, shu yukning savol-javobi, qozi qarorlarining qonuniy va barqarorligi ham shu kabi bosh mezonga aylanadi.
Bunday mezon ustuvor bo‘lsa, qozi o‘z qarori bekor bo‘lishdan qo‘rqmaydi, lavozimni yo‘qotsa, pushaymon bo‘lmaydi, chunki butun boshli jamiyatda, jamiyatning ustuvor qarashida adolat-haqiqat (haqiqiy holat, faktik holat va vaziyat) yuki birlamchi o‘rinda turadi.
Birgina misol, bugun davlat idoralari ustidan tadbirkorlar yutib chiqayotgan nizolar va sud ishlari miqdori salmoqli raqamlarni tashkil etmoqda. Sudlar milliardlab mablag‘larni – tadbirkorlar foydasiga yoki ularga yetkazilgan zarar (kompensatsiyani) sifatida davlat tashkilotlaridan undirib bermoqda.
Bu jarayonga adolat tamoyillarini, adolat huquqini ta’minlanishi deb qaralishi mumkin.
Ushbu jarayonda qozilik yuki - manfaatlar to‘qnashuviga, davlat va tadbirkor manfaatini tarozining ikki pallasida birday ko‘ra olishida, qozi bunda jur’at topa olishi va fidoyilik bilan adolat va qonun ustuvorligi tamoyilini qo‘llashda sobit turishi bilan belgilanadi.
Nuriddin Murodov,
sudya, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi