Sud ishchi foydasiga qaror chiqardi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2025 yil 20 iyundagi qaroriga muvofiq, Sirdaryo tumanida joylashgan avtomobil zavodi o‘z xodimi foydasiga ish haqi to‘lab beradigan bo‘ldi.
Majburiy ijro byurosi Sirdaryo tuman bo‘limi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari natijasida qarzdor korxonadan jami 46 million 658 ming so‘m ish haqi to‘liq undirilib, ijro hujjati amalda bajarildi.
Shu bilan birga, ijro hujjati talabini ixtiyoriy ravishda bajarmagani uchun korxonaga 2,3 million so‘m miqdorida ijro yig‘imi ham qo‘llandi.
— Mazkur yo‘nalishdagi chora-tadbirlar Majburiy ijro byurosi tomonidan izchil davom ettirilmoqda, — deydi Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyat boshqarmasi katta inspektori Shuhrat Mahmudov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri