Sud-huquq tizimida hamkorlik
Koreya Respublikasi Oliy sudi raisi Kim Myon Su boshchiligidagi delegatsiya Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.
Mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashdi. Viloyat rahbari mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutladi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Koreya davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi. Xususan, sud-huquq tizimida tajriba almashish jamiyatda qonuniylik barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

O‘z navbatida mehmonlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlariga yuqori baho berdi. Qisqa vaqt ichida erishilgan yutuqlar xalqaro darajada haqli e’tirofga sazovor bo‘layotgani, ikki davlat amaliyotiga uyg‘un jihatlar ko‘pligiga e’tibor qaratdi.

– Mamlakatlarimiz o‘rtasida turli yo‘nalishlarda hamkorlik kelishuvlariga erishilgan, – dedi Kim Myon Su. – Sudlar o‘rtasida ham ikki tomonlama tajriba almashish va bu sohani rivojlantirish maqsadida yurtingizga kelganmiz. O‘zbekiston sud tizimi bilan tanishish asnosida bu yerda sud va sudyalarning mustaqilligiga alohida e’tibor berilayotgani, shu maqsadda islohotlar amalga oshirilayotganidan xabardor bo‘ldik va bu bizda ijobiy fikr uyg‘otdi.
Samimiy va ishchan ruhda o‘tgan uchrashuvda sud-huquq sohasi va boshqa bir qator masalalar yuzasidan fikr almashildi. Delegatsiya a’zolari Buxoroning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.
Zarif Komilov,
Tohir Istatov (surat), O‘zA