Sud huquq tizimi yanada takomillashadi
“Yangi O‘zbekiston – yangi sud” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, inson huquqlari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirmoqda.
Joriy yilning 26 aprel kuni qabul qilingan “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi Qonuni yagona sud amaliyotini ta’minlash hamda qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etishi bilan ahamiyatlidir.
Bu haqida Navoiy viloyati sudi sudyasi Turg‘un Qahhorov quyidagilarni gapirib berdi.
– Qonunga asosan, sudlar faoliyatiga “yagona darcha” tamoyili joriy etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining bir qator moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, fuqaro va tadbirkorlarning sudlar o‘rtasida sarson bo‘lishining oldini olish maqsadida Iqtisodiy protsessual kodeksiga 311-modda kiritilib, unga ko‘ra endilikda da’vo talabi iqtisodiy sudga taalluqlilik qoidalarini buzgan holda taqdim etilgan taqdirda, iqtisodiy sud uni qaytarmasdan da’vo arizasi (ariza)ni taalluqliligiga ko‘ra fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki ma’muriy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazadi.
Mazkur kodeksning 152-moddasi esa yangi tahrirda bayon etilib, iqtisodiy sudga taalluqliligiga ko‘ra ma’muriy yoki fuqarolik ishlari bo‘yicha suddan da’vo arizasi yoki ish materiallari kelib tushganda sudya da’vo arizada kamchiliklar mavjudligi yoki Kodeksning 149-151-moddalarida ko‘rsatilgan talablarga javob bermasligini aniqlasa, bunday holda ham da’vo arizasi yoki ish materiallari qaytarilmasdan, mavjud kamchiliklarni 10 kun muddat ichida bartaraf etish yuzasidan da’vogar yoki arizachini xabardor qiladi.
Mazkur kamchiliklar ko‘rsatilgan muddatda bartaraf etilmagan taqdirda sud tomonidan da’vo arizasi qaytarilishi mumkin bo‘ladi.
Kodeksning154-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda sud faqatgina kiritilgan da’vo talabi iqtisodiy sudga, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki ma’muriy sudga taalluqli bo‘lmasagina uni qabul qilishni rad etadi. Boshqa hollarda da’vo arizani ish iqtisodiy sudga taalluqli bo‘lmasa ham uni qabul qilishga majbur va u keyinchalik iqtisodiy sud tomonidan tegishli sudga o‘tkaziladi.
Sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan bunday islohotlarning maqsadi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarini huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali xalqimizning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini qat’iy mustahkamlashdan iborat.
O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev suhbatlashdi