Sud hujjatlarining o‘z vaqtida ijrosi muhimdir
Navoiy viloyat sudi tomonidan Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda sud qarorlarini o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi hamda bu borada amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf qilish choralarini ko‘rishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Unda sud hujjatlari asosida chiqarilgan ijro hujjatlarining muddatida bajarilishi, mavjud muammolar, ularni bartaraf etish choralari haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, sud hujjatlari asosida berilayotgan ijro hujjatlarini rasmiylashtirish va uni elektron ma’lumotlar bazasida hududiy majburiy ijro byurolariga yuborishda yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklar, ijro hujjatlarining majburiy ijro byurosi organlari tomonidan asossiz qaytarilishining oldini olish hamda mazkur holatlarga kelgusida yo‘l qo‘ymaslik uchun e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan holatlar muhokama qilindi.
Bugungi kunda huquqiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar tizimdagi organlar faoliyatining shaffofligini ta’minlamoqda. Xususan, davlat ijrochilari o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni davlat organlari, kredit tashkilotlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshirmoqda. Tizimda ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi sud hujjatlarini ijro etilishi mexanizmini yangi pog‘onaga olib chiqmoqda.

Bundan tashqari, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda sud hujjatlari ijrosini yanada yaxshilash va ijro jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi, qoldiqdagi ijro hujjatlari, ayniqsa, davlat foydasiga undiruvlarni nazarda tutuvchi ijro hujjatlarini ijrosini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Tadbirda sudlar tomonidan belgilangan jarimalar va davlat bojlarini undirish haqidagi sud hujjatlarini o‘z vaqtida ijroga qaratilishi, shuningdek, bugungi kunga qadar ijrosi ta’minlanmagan hujjatlarni tuman majburiy ijro byurolari bilan hamkorlikda keskin kamaytirish, bu borada yaqindan hamkorlik qilish borasida kelishib olindi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri