Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta’minlash jarayoni takomillashadi
Yangi farmon

Davlat xizmatlarini elektron tarzda ko‘rsatishda tezkorlik va shaffoflikni oshirish hamda byurokratik to‘siqlarni qisqartish kechiktirib bo‘lmaydigan masalalardan sanaladi.
Shu bois yurtimizda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, ijro tartib-taomillarini raqamlashtirishga alohida yondashilmoqda. Bunda sohaga sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etishning ham ahamiyati yuqori.
Davlatimiz rahbari tomonidan 30-mart kuni “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish va samaradorligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi. Bu esa ayni yo‘nalishda muhim vazifalarni belgilab berdi.
Unda авvaло, sud va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta’minlash jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali ijro ishlari 30 foizining ijrosini davlat ijrochisining aralashuvisiz ta’minlash ko‘zlangan. Shu bilan birga, raqamlashtirish jarayonlari orqali ijro etish sohasida inson omilini keskin kamaytirish ham belgilangan.
Shuningdek, fuqarolarning konstitutsion daxlsizlik huquqlarini buzmagan holda, ayrim majburiy ijro harakatlarini undiruvchilar tomonidan amalga oshirish mexanizmini takomillashtirishga urg‘u berilgan. Shu asosda sohaga doimiy ravishda ilg‘or xalqaro tajriba, yangicha yondashuvlar joriy qilinadi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab esa sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va axborot tizimlarini takomillashtirish orqali davlat ijrochilari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning kamida 70 foizi avtomatlashtiriladi.
Ижро jarayonlaridagi ish yuritish tartib-taomillarining elektron shaklda yuritilishi, ijro harakatlari davomida undirilgan pul mablag‘larini taqsimlash jarayonlarining raqamlashtirilishi ham nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Bosh prokuratura va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining takliflariga muvofiq shu yilning 1-iyuldan boshlab sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlariga asosan davlat daromadiga o‘tkazilishi nazarda tutilgan avtomototransport vositalari va ko‘chmas mulklar davlat ijrochisining qarori asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi. Joriy yil 1-sentabrga qadar esa to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonidagi yuridik shaxslarning majburiyatlari bo‘yicha elektron ma’lumot almashinuvini ta’minlovchi platforma joriy etiladi.
Мuамmolи kreditlarni undirish borasida mol-mulkni undiruvchi tomonidan rasmiylashtirilgan protsessual hujjatlar asosida davlat ijrochisining qarori bilan elektrononlayn-auksion savdolari orqali realizatsiya qilish imkoni yaratiladi. Yuridik shaxslarning mol-mulklarini xatlash, soliq va kredit qarzdorliklarini undirish, garov bilan ta’minlangan ijro hujjatlari bo‘yicha ham yangicha yondashuvlar joriy etilishi belgilangan.
Айрим toifadagi ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdor u vafot etgan deb e’lon qilinganda yoki bedarak yo‘qolgan, deb topilsa, unga nisbatan yuritilgan ijro ishlarini davlat ijrochisining qarori bilan tugatish amaliyoti qo‘llaniladi.
Yana bir muhim masala, 2026-yil 1-maydan boshlab, aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lsa-da, u to‘liq bartaraf etilmasa, qarzdor shaxslarning ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanishni cheklash tartibini qo‘llash bo‘yicha bir qator yangiliklar kiritilmoqda.
– Yangi farmon bilan muammoli kreditlarni undirish borasida ham mutlaqo yangi mexanizmlar joriy etilmoqda, – dedi Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov. – Bugunga qadar davlat ijrochilarining ish yuklamasi ko‘pligi sababli kredit tashkilotlari foydasiga muammoli kreditlarni undirish bilan bog‘liq jarayonlar muddati cho‘zilayotgan edi. Masalan, ma’lumot sifatida aytadigan bo‘lsak, MIB organlariga 2020-yilda 2,8 millionta ijro hujjati kelib tushgan, bu ko‘rsatkich 2025-yilda 11,4 milliontani tashkil qilgan. Anglash mumkin, ish yuklamasi oxirgi besh yilda to‘rt baravarga oshdi.
Endilikda, davlatimiz rahbarining farmoni bilan muammoli kreditlar bo‘yicha ijro hujjatlari asosida vujudga kelgan majburiyatlarni undirish bilan bog‘liq harakatlar ixtisoslashtirilgan davlat ijrochilariga yuklanadi. Ijro hujjatlari asosida kredit tashkilotlari foydasiga muammoli kreditlarni undirishga ixtisoslashgan davlat ijrochilari korpusi tashkil etilmoqda.
Muammoli kreditlarni undirish bilan bog‘liq harakatlarni ixtisoslashtirilgan davlat ijrochilariga yuklash va bu yo‘nalishda 400 nafar ixtisoslashtirilgan davlat ijrochisi shtat birligini ajratish nazarda tutilgan.
Farmonda garov bilan ta’minlangan majburiyatlarini bajarish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari bo‘yicha tijorat banklari va davlat ijrochisi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish belgilangan. Bu jarayonda ma’lumot almashishni raqamlashtirishga qaratilgan qator choralar belgilab berildi.
Joriy etilgan bu kabi yangi mexanizmlar bank tizimida muammoli kreditlar ulushi kamayishi va ijro sohasi takomillashishiga xizmat qiladi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA