Sud ekspertizasi: dalilning haqiqatga aylanish jarayoni
Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining Qashqadaryo viloyati bo‘limiga press-tur tashkil etildi. Unda jurnalist va blogerlar bo‘lim faoliyati, ekspertlar uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy ekspertiza turlari hamda sohada joriy etilayotgan raqamli texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Sud jarayonida har bir dalilning o‘rni muhim. Bir qarashda oddiy ko‘rinadigan hujjat, imzo, yozuv, moddiy ashyo yoki texnik vosita muayyan ishning taqdirini belgilashi mumkin. Ana shunday holatlarda sud ekspertizasi ilmiy bilim va maxsus tadqiqotlar asosida haqiqatni aniqlashga xizmat qiladi.
Qayd etilishicha, bo‘limda 2026-yilning birinchi yarmida jami 2 ming 333 ta ekspertiza kelib tushgan. Shundan 2 ming 110 tasi bajarilgan, 224 tasi ijrosiz qaytarilgan, 211 tasi esa hisobot davri yakuniga qoldiqda qolgan.
Ekspertizalarning asosiy qismi ichki ishlar organlari hamda prokuraturadan kelib tushgan. Xususan, ichki ishlar organlaridan 1 ming 498 ta ekspertiza qabul qilinib, 1 ming 342 tasi bajarilgan. Prokuraturadan kelgan 634 ta ekspertizadan 474 tasi yakunlangan.
Press-tur davomida sohaning bugungi imkoniyatlari bilan birga, uning rivojlanish bosqichlariga ham e’tibor qaratildi.
Bo‘lim mudiri Jahongir Umidillayevning ta’kidlashicha, sud-ekspertlik faoliyati mustaqillikdan keyin yangi bosqichga ko‘tarildi.
– Mustaqillikdan keyingi dastlabki davrda sud ekspertizasiga oid aniq huquqiy normalar yetarli darajada shakllanmagan edi. 2010-yildan keyin sohani tartibga soluvchi huquqiy asoslar mustahkamlandi. 2016-yildan esa sud ekspertizasi faoliyatida keskin o‘zgarishlar boshlandi. Moddiy-texnik baza mustahkamlandi, shtatlar kengaytirildi, hududlarda bo‘limlar tashkil etildi, – deydi J.Umidillayev.
Bugun sud ekspertizasi faqat bir yoki ikki yo‘nalish bilan cheklanib qolmayapti. Dastlab beshta yo‘nalishda tadqiqotlar o‘tkazilgan bo‘lsa, hozir 30 dan ortiq turdagi ekspertiza ishlari amalga oshirilmoqda.
Sud avtotexnikasi, sud iqtisodiy ekspertizasi, xatshunoslik, lingvistika, qurilish-texnika yo‘nalishlari shular jumlasidandir. Bo‘limda oziq-ovqat mahsulotlarining bahosini aniqlash, hujjatlar kriminalistikasi kabi yangi yo‘nalishlar ham joriy etilgan.
Sohadagi eng muhim yangiliklardan biri hujjat almashinuv jarayonining raqamlashtirilganidir.
2025-yil 8-sentabrda qabul qilingan qaror talablari asosida tashkilotlardan keladigan hujjatlar elektron shaklda qabul qilinib, ekspertiza xulosalari ham elektron tarzda taqdim etilmoqda.
Bu, avvalo, vaqtni tejash, hujjatlarning harakatini nazorat qilish, inson omilini kamaytirish va ish jarayonini yanada shaffof tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Bo‘limda kelgusida ekspertizalarning yangi turlarini joriy etish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Xususan, sud-ekspertlik faoliyatida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalasi ustida izlanishlar davom etmoqda.
Bu esa ilm-fan va texnologiya yutuqlarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga keng tatbiq etish, jinoyatlarni tezkor va sifatli ochishda ekspertizaning imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Press-tur davomida OAV vakillari ekspertlik tadqiqotlari qanday tashkil etilishi, zamonaviy yondashuvlar va yangi yo‘nalishlar haqida ma’lumot oldi. Ekspertiza o‘tkazish jarayoni bilan yaqindan tanishishdi.
Zero, sud ekspertizasi shunchaki texnik tadqiqot emas. Uning ortida inson taqdiri, buzilgan huquqni tiklash, aybsiz insonni asossiz javobgarlikdan himoya qilish yoki jinoyat sodir etgan shaxsni aniqlashdek muhim vazifalar turibdi. Shu bois sohadagi har bir yangilik, har bir zamonaviy texnologiya va har bir aniq ekspertiza xulosasi odil sudlovni ta’minlashdek yuksak maqsadga xizmat qiladi.
[gallery-31408]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari