Sud adolatni tikladi
Jizzax viloyati Baxmal tumanida fermer xo‘jaliklarining huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, tuman fermerlar kengashi tomonidan hududdagi fermerlarni huquqiy qo‘llab-quvvatlash, ular duch kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va adolatli hal etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Bir qarashda bu oddiy holdek tuyuladi. Ammo amalda fermerning haqini sud orqali undirish oson ish emas. Ko‘p hollarda fermer o‘z haqini talab qilishga jur’at topolmaydi yoki huquqiy jarayonlar murakkabligi sabab yo‘lda to‘xtab qoladi.
Ana shunday ishlardan biri sifatida "Nozima Ahrorova" fermer xo‘jaligi manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga da’vo arizasi kiritildi. Kengash yuristi tomonidan ish atroflicha o‘rganilib, mustahkam huquqiy asoslar bilan ta’minlandi va sud jarayonlarida faol ishtirok etildi.
Natijada sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra, fermer xo‘jaligi foydasiga klaster korxonasidan 23 million so‘m mablag‘ undirib berish belgilandi. Bu raqam jihatidan katta bo‘lmasligi mumkin, ammo mazmunan fermer uchun ishonch, ertangi kunga umid va, eng muhimi, adolatni anglatadigan natijadir.
Afsuski, bunday misollar hali ko‘p emas. Ayrim hollarda fermerlar o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolib ketmoqda, ayrim nizolar esa yechimsiz cho‘zilib ketmoqda. Shu bois, har bir yutilgan sud ishi — tizimdagi o‘zgarishlar uchun kichik, ammo muhim qadam sifatida baholanishi kerak.
Ma’lumki, mazkur yo‘nalishdagi ishlar Prezidentimizning 2019-yil 23-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni talablariga muvofiq amalga oshirilib, fermerlarning huquqiy maqomini mustahkamlab, ularning manfaatlarini himoya qilishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Baxmal tumani fermerlar kengashi faoliyati aynan ushbu me’yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, malakali yuridik yordam orqali ayrim fermer xo‘jaliklari o‘z haq-huquqlarini tiklashga erishayotgani ijobiy holat.
Abdujalol Qayumov, O‘zA