Strategik islohotlar muhokama qilindi
Jizzaxda ikki kun davomida Ekologiya vazirligi huzuridagi O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan hay’at yig‘ilishi mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan o‘rmonchilik mutaxassislari, agentlik rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini birlashtirdi.
Hay’at yig‘ilishida O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov so‘zga chiqib, joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar, tizimdagi muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari, davlat o‘rmon xo‘jaliklari faoliyatini tanqidiy tahlil qilish va har bir sohada amaliy yechimlarni ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi.
Agentlik rahbarining birinchi o‘rinbosari G‘ofurjon Qarshiboyev Jizzax viloyatida aniqlangan kamchiliklar va ularga qarshi ko‘rilayotgan choralar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbirda so‘nggi yillarda o‘rmon xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda strategik vazifalar va ularning amalga oshirilishi yuzasidan ham fikrlar almashildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2025–2030 yillarga mo‘ljallangan dasturlar o‘z amaliy ko‘rinishini topmoqda. Ushbu dasturlarga 1,5 million gektardan ortiq maydonda o‘rmon barpo qilish, 919 ming tup nihol ekish, dorivor va ziravor o‘simliklar yetishtirish, “terassa” usulidagi o‘rmonzorlar yaratish kabi vazifalar kiradi. Bu rejalar o‘rmon xo‘jaligining yangi bosqichga ko‘tarilishiga asos bo‘lmoqda.
Jizzaxda amalga oshirilayotgan ishlar tadbir ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi. Jizzax davlat o‘rmon xo‘jaligida 3 millionga yaqin ko‘chat parvarishlamoqda.“Yangi O‘zbekiston bog‘i” kabi tashabbuslar hayotga tatbiq etilayotgani alohida ta’kidlandi. Zomin davlat o‘rmon xo‘jaligida so‘nggi to‘rt yilda ming gektardan ziyod maydonda o‘rmon yaratilgan, tabiiy muhit va noyob o‘simliklar, hayvonlar uchun saqlanib kelinayotgan muhitga alohida e’tibor berilmoqda.
Hay’at yig‘ilishida raqamlashtirish jarayonlari ham katta ahamiyat kasb etdi. “Smart Forestry” axborot tizimi orqali o‘rmon xo‘jaligida monitoring, tahlil va shaffof elektron xizmatlarni joriy etish maqsad qilingan. Bu tizim korrupsiya xavfini kamaytirish, yer resurslarini aniq baholash va onlayn savdoni rivojlantirish imkonini beradi. Shuningdek, “Yashil to‘lov” elektron tizimi orqali ijara va to‘lovlar avtomatlashtirilayotgani ham qayd etildi.
Yig‘ilishning jonli tarzda o‘tkazilishi va o‘zaro tajriba almashish imkoniyati mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. – Tadbirning jonli tarzda o‘tganligi o‘rmonchilik sohasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Vohadagi Jizzax, Baxmal, G‘allaorol va Zomin davlat o‘rmon xo‘jaliklaridagi yutuqlar o‘rganishga arziydi, shu jumladan sadaqayrag‘och daraxti navining yaratilishi ham Qashqadaryoda joriy etiladigan yangi loyihalardan bir bo‘ladi, – deydi Qashqadaryo davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori o‘rinbosari Ra’no Bozorova.

– Jizzaxdagi yig‘ilish alohida yodda qolarli bo‘ldi deb o‘ylayman, – deydi Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori o‘rinbosari Sarvarbek To‘xtasinov. – Ayniqsa, Zomin tumani qir-adirlarda tomchilatib sug‘orish usuli bilan barpo etilgan o‘rmonzorlarni misol qilib keltirish mumkin. Ushbu tajribani Andijonda ham qo‘llashni reja qildik.
– Tomchilatib sug‘orish tizimiga davlat tomonidan 30 milliard so‘mlik yordam ajratildi, shu orqali 130 gektar maydonda 48 ming tup sharq tuyasi archasi va 100 gektarda 40 ming tup mevali daraxt ko‘chatlari ekildi, – deydi Zomin davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori Abduqodir Sarimsoqov. – Bundan tashqari, mahalliy hokimlik, vohamizdagi barcha tumanlar va hatto ba’zi qo‘shni viloyatlar ham ushbu xayrli ishimizni faol qo‘llab-quvvatlagani alohida tahsinga loyiq.
Yig‘ilish ishtirokchilari turizm salohiyatini oshirish yo‘nalishidagi imkoniyatlar bilan ham tanishdi. Suffa palatosidagi “Dor yo‘li”, “Shishali ko‘prik” kabi obektlar O‘rmon xo‘jaliklarining turizmni rivojlantirishdagi imkoniyatlarini ko‘rsatdi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Jizzaxda o‘tkazilgan hay’at yig‘ilishi O‘zbekiston o‘rmonchilik tizimidagi islohotlarni amaliy baholash va rivojlanish ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda muhim bosqich bo‘ldi. Har bir hududdagi ishlarning samaradorligi tahlil qilindi, yashil hududlarni kengaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi vazifalar aniqlandi.
Shu tariqa, Jizzaxning qir-adirlari va o‘zining barcha imkoniyatlari bilan nafaqat mahalliy, balki butun mamlakatning yashil kelajagi uchun namuna bo‘lib xizmat qilmoqda. Inson mehnati va zamonaviy texnologiyalar yordamida barpo etilayotgan o‘rmonzorlar — bu O‘zbekistonning tabiiy boyliklarini asrash va rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri