Stol tennisi: Soliq qo‘mitasi kubogi
Mamlakatimizda navqiron avlodning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani tufayli yurtimizda Olimpiya o‘yinlari turkumidan joy olgan stol tennisi ham tobora ommalashmoqda.
Kuni kecha Qashqadaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan stol tennisi bo‘yicha Soliq qo‘mitasi kubogi musobaqalarining viloyat bosqichida ishtirok etuvchilarning ko‘pligi ham buning yaqqol isbotidir.
Musobaqaning quyi bosqichlarida viloyat bo‘yicha 1 ming 300 nafardan ortiq havaskor tennischi ishtirok etgan bo‘lsa, bellashuvlarning viloyat bosqichida 120 nafar sportchi o‘g‘il-qiz 3 ta yosh toifasi bo‘yicha bahslashdi.
[gallery-18871]
Musobaqaning ochilish marosimida soliq qo‘mitasi raisi maslahatchisi Gavhar Muqaddasova, O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi matbuot kotibi Sobitxo‘ja Akbarov va Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i, viloyat stol tennisi federatsiyasi rahbari Sirojiddin Eshmatov ishtirok etib, mazkur musobaqa mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtlari mazmunli o‘tishida muhim rol o‘ynashi bilan birga havaskor sportchilar orasidan professionallarni saralab olish imkonini berishi haqida to‘xtalib o‘tdi.
– Bugungi kunda viloyatning shahar va tumanlarida ko‘plab sport to‘garaklari faoliyat olib bormoqda. Ushbu to‘garaklarda 26 nafar murabbiy stol tennisining sirlarini o‘rgatib kelmoqda, – deydi viloyat stol tennisi federatsiyasi ijrochi direktori Bobur Xudoyqulov. – 2023 yilda viloyatda stol tennisi bilan muntazam shug‘ullanuvchilar soni 529 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 2000 nafarga yaqinlashdi. Shuningdek, 30-70 yosh oralig‘ida bo‘lgan stol tennisi bilan havaskor shug‘ullanuvchilar soni 1 ming 101 nafarni tashkil etmoqda.
Musobaqa yakunida g‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. G‘oliblar musobaqaning mamlakat bosqichida kuch sinashadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari