Prezident ta’lim muassasalari agentligining Andijon viloyati hududiy bo‘limi tomonidan Andijon shahridagi Prezident maktabida STEM – matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlari olimpiadasi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dod va salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. STEM fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan olimpiada ham ana shu yo‘nalishdagi ishlarga bir misoldir.
Fanlar olimpiadasida Agentlik tizimida faoliyat olib borayotgan viloyatdagi 13 ta ixtisoslashtirilgan maktab hamda Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabining 9-, 10- va 11-sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.
[gallery-9437]
– STEM fanlar olimpiadasida Agentlik tizimidagi ta’lim muassasalarining 500 nafarga yaqin o‘quvchisi ishtirok etdi, – deydi Prezident ta’lim muassasalari agentligi Andijon viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i Rasuljon Karimov. – O‘quvchilarimiz belgilangan fanlar bo‘yicha olgan bilimlarini, imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi. Albatta bu ularning yanada puxta bilim olishlariga rag‘bat va motivatsiya beradi.
Yakunda STEM fanlari olimpiadasida yuqori ball to‘plagan 38 nafar o‘quvchi agentlikning hududiy bo‘limi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA.