Startapchilar fabrikadagi real muammolarni o‘rgandi
Poytaxtimizda Yoshlar ishlari agentligi va qator hamkor tashkilotlar tomonidan "StartupFest" loyihasi doirasida birinchi sanoat xakatoni bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kun startapchilaridan faqatgina chiroyli taqdimotlar emas, balki yirik sanoat korxonalarining real muammolariga aniq va samarali yechimlar taklif etish talab qilinmoqda.
50 nafar startapchi 10 ta jamoaga bo‘linib, "Imzo" fabrikasidagi ishlab chiqarish jarayonlarini o‘rgandi. Korxonaning real muammolarini aniqlab, bir kun ichida amaliy yechimlar ishlab chiqdi.

Kun yakunida eng yaxshi 3 ta loyiha aniqlandi. Jumladan, Binova — qurilish materiallarini sotish ilovasi. Mijozlar ilova orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri "Imzo"ga buyurtma bera oladi. Imzo AI — barcha til va shevalarga moslashadigan aloqa operatori. Mijozga mos mahsulotni tanlab, marketing va sotuvga yordam beradi.
UniFactory — sifat nazorati va logistika jarayonlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan yechim. G‘olib loyihalar “Imzo” bilan pilot hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Yosh avlod vakillari fabrikaning avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish zanjiri, robotlashtirilgan tizimlari va logistika jarayonlari bilan yaqindan tanishib, asl og‘riqli nuqtalarni o‘rganish imkoniga ega bo‘ldi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, bunday loyihalar yoshlarni real muammolar ustida ishlash, innovatsion yechimlar yaratish va o‘z g‘oyalarini amaliyotda sinab ko‘rishga undaydi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA