"Startap" loyihasi g‘oliblari aniqlandi
Toshkent kimyo-texnologiyalar instituti Yangiyer filialida iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning innovatsion g‘oya va ishlanmalarini amalga oshirishda amaliy ko‘maklashish, talabalarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish maqsadida talabalar o‘rtasida "Startap" loyihalar tanlovi o‘tkazildi.
Unda institutning 20 nafar yetakchi talabasi ishtirok etdi. Ular tomonidan taqdim etilgan loyiha va ishlanmalar tanlov talablariga mosligi hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan o‘rganib chiqilib, 20 ta loyiha ichidan 4 ta loyiha eng yaxshi deb topildi.
Natijaga ko‘ra, institutning 2-bosqich talabasi Usmon Berdiyev “Akatsiya daraxti mevasidan kakao o‘rnini bosuvchi mahsulot olish, uni ishlab chiqarish va eksport qilish" startap loyihasi bilan 1-o‘ringa, 2-bosqich talabasi Zayniddin Jalilov “Suyuq yog‘och ” dekoratsion va kompozitsion qurilish materiali ishlab chiqarish texnologiyasi” startap loyihasi bilan 2-o‘ringa, 4-bosqich talabasi Bekzod Xolyigitov “Platforma Web Site IT LIVE va Examify” startap loyihasi, 2-bosqich talabasi Ra’no Narzullayeva “Ikkilamchi uzum navlari sharbatidan foydalanib xalqaro standartlar asosida quritilgan innovatsion mevalar sukatlarini ishlab chiqarishni tashlik etish” startap loyihasi bilan 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
[gallery-20852]
– Talabalar tomonidan taqdim etilgan, ammo tanlab olingan loyihalar investitsion jozibadorlikni oshirishga, qo‘shimcha foyda keltirib, kiritilgan mablag‘lar tavakkalchiligini kamaytirishga xizmat qiladi. Shu boisdan tanlov hay’ati a’zolari tanlov shartlari asosida o‘rganib, tahlil qilib 4 ta startap loyiha mualliflarini g‘olib deb topishdi,–deydi Filial direktorining o‘quv ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Z.Abdiqulov.
G‘oliblarga "Noutbuk", "Televizor", "Planshet" hamda maxsus sertifikat topshirildi. Eng muhimi, ishtirokchilar startap loyihasini ishga tushirishga kerak bo‘ladigan tajriba va zarur bilimlarga ega bo‘lishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri