Sportni mahallaga yaqinlashtirish vazifasi qo‘yildi
Sirdaryolik sportchilarning xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari salmog‘i ortib bormoqda. Joriy yilning o‘zida viloyat vakillari 340 ta medalga sazovor bo‘ldi. Ayni paytda aholining 41,6 foizi jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanmoqda. Endi asosiy e’tiborni erishilayotgan natijalarni ommaviy sportdagi qamrov bilan uyg‘unlashtirish, sportni har bir mahallaga va yoshlarning kundalik hayotiga yanada yaqinlashtirishga qaratish zarur.
Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov raisligida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda so‘z bordi. Unda aholini ommaviy sportga jalb qilish, mavjud sport inshootlaridan samarali foydalanish va mahallalarda yoshlar uchun qulay mashg‘ulot sharoitlarini yaratish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, viloyatda aholining sport bilan qamrov darajasi hududlar kesimida bir xil emas. Xususan, Oqoltin, Xovos, Boyovut va Sayxunobod tumanlarida bu ko‘rsatkich 32–35 foiz atrofida.

So‘nggi ikki yilda viloyatda sport sohasini rivojlantirishga 331 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan yangi sport inshootlari barpo etilmoqda, mavjudlari ta’mirlanib, zarur sport jihozlari bilan ta’minlanmoqda. Biroq yaratilgan infratuzilmaning o‘zi aholini sportga keng jalb qilish uchun yetarli emas. Muhimi, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, mashg‘ulotlarni to‘g‘ri tashkil etish, murabbiylar faoliyatini kuchaytirish hamda sport to‘garaklarini aholi uchun qulay vaqt va joylarda yo‘lga qo‘yishdir. Masalan, Oqoltin tumanida har 10 ming aholiga to‘g‘ri keladigan sport inshootlari soni Guliston tumaniga nisbatan ko‘proq. Ammo aholini sportga jalb qilish ko‘rsatkichi qariyb 11 foizga past. Bu holat sport ob’ektlari soni bilan bir qatorda, ulardan qay darajada samarali foydalanilayotgani va mashg‘ulotlar sifatiga ham e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi.

Ayrim mahallalarda sport inshootlarining umuman mavjud emasligi ham dolzarb masalalardan biri sifatida qayd etildi. Shuningdek, «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida belgilangan ayrim musobaqalarning o‘tkazilmagani joylarda sport tadbirlarini tashkil etish va nazoratni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Yig‘ilishda tuman va shahar mas’ullariga har bir mahalladagi sport sharoitini birma-bir o‘rganish, yoshlarga yaqin hududlarda kichik sport maydonchalarini tashkil etish, mavjud inshootlardan to‘liq va samarali foydalanish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, aholini sportga jalb qilish ko‘rsatkichi past bo‘lgan hududlarda mavjud imkoniyatlardan foydalanish holatini tahlil qilish, murabbiylar faoliyatini samarali tashkil etish va mashg‘ulotlar sifatini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri