Sportda muvaffaqiyat formulasi nimaga bog‘liq?
Inson hamisha omadlilar qatorida bo‘lishi uchun nimalarga e’tibor qaratishi lozim-u, qaysi odatlar kundalik odatga aylanishi kerak? O‘zi aslida muvaffaqiyatga erishish formulasi bormi?
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida xalqaro sport maydonlarida vatanimiz dovrug‘ini dunyoga doston etib kelayotgan o‘zbek sportining yorqin vakillari - og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, jahon chempioni, dunyo rekordchisi Ruslan Nuriddinov va jahon va qit’a chempioni Sharofiddin Amriddinov ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda shu savollarga atroflicha javob berildi.

Samimiy va ochiq ruhda o‘tgan uchrashuvda taniqli sportchilar talaba-yoshlarning savollariga javob berish asnosida ayni masalalarga to‘xtalib o‘tdi.
—Marrani baland qo‘ygan insonning yutuqlari hamisha yuksak bo‘ladi. Muvaffaqiyat esa tasodif emas, balki har kunlik mehnat va izlanish mahsuli. Kundalik badantarbiya salomatlik omili bo‘lsa, o‘z bilimini oshirishga harakat qilgan, tartibli hayot tarziga odatlanganlar har doim omadlilar qatorida yuradi, — deydi Osiyo va jahon chempioni Sharofiddin Amriddinov.

Muloqot davomida taniqli sportchilar jismoniy tarbiyaning inson salomatligiga ijobiy ta’siri, ruhiy chiniqishdagi o‘rni xususida so‘z yuritib, talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA