Sportchilarimiz jahon kubogida to‘rtta medalni qo‘lga kiritdi
Kikboksing bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Rossiyaning Anapa shahrida bo‘lib o‘tgan jahon kubogida bittadan oltin va kumush, ikkita bronza medal bilan taqdirlandi.
Kikboksing bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Rossiyaning Anapa shahrida bo‘lib o‘tgan jahon kubogida bittadan oltin va kumush, ikkita bronza medal bilan taqdirlandi.
Mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik o‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash bilan birga sportchilarimizning xalqaro maydonlarda yuksak natijalarga erishishida muhim omil bo‘lmoqda.
Yigirmadan ziyod davlatdan mingdan ortiq sportchi ishtirokida o‘tgan jahon kubogida Nodir Xudoyberdiyev vazni 69 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bellashuvida barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
– Jahon kubogida oltin medalni qo‘lga kiritib, murabbiylarim ishonchini oqlaganimdan xursandman, – deydi N.Xudoyberdiyev. – Nufuzli musobaqalardagi bunday g‘alabalarimiz mamlakatimizda biz, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iqtidor va salohiyatimizni yuzaga chiqarishga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik tufaylidir.
O‘z vazn toifasida Normuhammad Rahmonberdiyev kumush, Meroj Istamtoshev va Shohjahon Mahamadov bronza medal bilan taqdirlandi.