Sport: Yarim yillik faoliyat sarhisob qilindi
Sport vazirligida o‘tkazilgan Hay’at yig‘ilishida joriy yilning birinchi yarmida sport sohasida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda sarhisob qilinib, mas’ullar faoliyatiga aniq mezonlar asosida baho berildi.
Sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Farrux Ahmedov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sport boshqarmalari, Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari hamda sport tashkilotlari rahbarlari, hududiy studiyalardan sport maktablari mas’ul xodimlari, trener seleksionerlar ishtirok etgan yig‘ilishda mamlakatimiz sportchilarini Yaponiyada o‘tadigan yozgi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, dekabrdagi yoshlar Olimpiya o‘yinlari, Ar Riyod mezbonlik qiladigan yopiq inshootlar va jang san’atlari bo‘yicha Osiyo o‘yinlari kabi musobaqalar kutib turgani ta’kidlandi.
Shuningdek, mamlakatimizda ilk bor tashkil etilayotgan Butunjahon shaxmat olimpiadasi, suzish, kurash, boks, dzyudo, og‘ir atletika kabi bir qator sport turlaridagi jahon va qit’a chempionatlari yangi O‘zbekiston sportining xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar jarayonida ushbu yirik sport tadbirlariga tayyorgarlik bilan bir qatorda, hududlarda ijro intizomi, ommaviy sportni rivojlantirish, seleksiya tizimini takomillashtirish, sport maktablari faoliyatida samaradorlikka erishish holati atroflicha tahlil qilindi.

Mamlakatimizning ayrim hududlarida mahallalar kesimida sport musobaqalarini tashkil etish talab darajasida emasligi, stol tennisi, voleybol, kurash va yengil atletika bo‘yicha qator mahallalarda musobaqalar o‘tkazilmagani tanqid qilindi.
Bu boradagi sustkashliklarni bartaraf etish, mahallalarda sport infratuzilmasidan samarali foydalanish hamda yoshlar qamrovini oshirish zarurligi aytib o‘tildi.
Mahallalardan 16-30 yoshdagi 5 million 500 ming yoshlar “Besh tashabbus olimpiadasi”da ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tib, ularning 89 foizi yoki 4,9 million nafari ishtirok etgani ijobiy holat bo‘lsa-da, Ohangaron, Olmaliq, Qibray, Parkent, Bo‘ka, Toyloq, Urgut, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Sherobod, Olmazor, Davlatobod, Uchko‘prik, Qiziltepa, Shahrixon, va Guliston kabi 20 ta hududda qamrov 80 foizga ham yetmagani taassufli holdir.
Yangi O‘zbekiston sport hayotiga yangicha ruhiyatni olib kirgan “Prezident olimpiadasi” musobaqalari tizimi bu yildan yanada kengaytirilib, sport turlari soni 21 taga yetkazilgani, ilk bor paralimpiya yo‘nalishi alohida dastur sifatida joriy etilishi iste’dodlilar safini kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Birgina “Prezident olimpiadasi”ning ilk bosqichi “Hokim olimpiadasi”da 324 ming nafar yosh qamrab olinib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan uch barobarga oshgani quvonarli, albatta.

Biroq, ayrim hududlarda ustuvor sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etilmagan, ayrim tuman va shaharlarda ishtirokchilar soni past hamda xususiy sport klublarini jalb etish ishlari yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan.
Hay’at yig‘ilishida sport tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash hamda xotin-qizlarning rahbarlik lavozimlaridagi ulushini ko‘paytirish bo‘yicha ham ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Muhokamalar yakunida belgilangan masalalar yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA