-
O‘zbekistonlik karatechi AQSH ochiq chempionati g‘olibi bo‘ldi
AQSHning Texas shtatida karate bo‘yicha o‘tkazilgan AQSH Ochiq chempionatida hamyurtimiz Shohruxbek Tursunmaxammatov -75 kg vazn toifasida yakka tartibdagi kumite bahslarida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
7 yoshidan beri karate bilan shug‘ullanib kelgan Shohruxbek Tursunmaxammatov kumite yo‘nalishi bilan bir qatorda, kata mashqlarini bajarishda ham sovrindorlar qatorida e’tirof etildi.

Janubiy Koreyada kurash bo‘yicha Osiyo chempionati boshlanmoqda
Ertaga Janubiy Koreyada milliy sportimiz kurash bo‘yicha kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi navbatdagi Osiyo chempionati boshlanadi.
Bugun Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Janubiy Koreya kurash federatsiyasi va tashkiliy qo‘mita a’zolari chempionat o‘tadigan markazdagi so‘nggi tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi.

Chempionat doirasida Xalqaro kurash instituti va Janubiy Koreyaning Jungvon universiteti vakillari o‘rtasida milliy sportimiz kurashni ommalashtirish istiqbollari xususida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida Jungvon universiteti departament rahbari janob Kang Jong-Xun kurash bo‘yicha qit’a birinchiligiga aynan Jungvon universiteti tanlangani uchun minnatdorlik bildirib, o‘zaro hamkorlik aloqalari sermahsul va bardavom bo‘lishini ta’kidladi.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-17 jamoasi Angliya bilan kuch sinashadi
Shu kunlarda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi joriy yilning 3-27 noyabr kunlari Qatarda o‘tadigan U-17 Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Islom Ismoilov bosh murabbiyligidagi o‘smirlar terma jamoasi a’zolari joriy yilning sentyabr oyida Ispaniyada tashkil etiladigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etishi belgilangan.

Rejaga ko‘ra, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a’zolari yig‘in davomida o‘tkaziladigan xalqaro turnirda Angliya, Kanada hamda Marokash U-17 terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Hamyurtlarimiz 3 sentyabrda Angliya, 6 sentyabrda Kanada va 9 sentyabrda Marokash jamoasiga qarshi bahslashadi. Eslatib o‘tamiz, Angliya, Kanada hamda Marokash o‘smirlar terma jamoalari Jahon chempionatining ishtirokchilari hisoblanadi.

T.Ro‘ziyev,
O‘zA