Sport xabarlari
Xitoyda boks bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ikkitadan kumush va bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Boks. Xitoyda boks bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ikkitadan kumush va bronza medalni qo‘lga kiritdi.Nufuzli chempionatning vazni 69 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida hamyurtimiz Shahnoza Nizomova finalgacha bo‘lgan bahslarda mo‘g‘ulistonlik Shinsetseg Uranbileg va Xitoy Taypeyi vakilasi Vu Pey-I ustidan g‘alaba qozonib, yakunda kumush medalga sazovor bo‘ldi. Vazni 81 kilogrammdan yuqori bo‘lgan bokschilar bahsida qatnashgan Go‘zal Ismatova ham shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy oldi.
O‘z vazn toifasida Yodgoroy Mirzayeva va Dilnavoz Norxo‘jayeva bronza medal bilan taqdirlandi.
* * *
Shaxmat. Mo‘g‘ulistonda shaxmat bo‘yicha eshitish va gapirish qobiliyati cheklangan sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida hamyurtimiz Sirojiddin Zayniddinov muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasidan ma’lum qilishlaricha, sportchimiz nufuzli musobaqaning blits – tezkor shaxmat yo‘nalishidagi bahslarida raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmagan va Osiyo chempionatining oltin medaliga sazovor bo‘lgan.
Iqtidorli shaxmatchimiz S.Zayniddinov eshitish va gapirish qobiliyati cheklangan shaxmatchilar o‘rtasida ikki karra jahon chempionidir. U 2004-yili Germaniya va 2008-yili Shveytsariyada bo‘lib o‘tgan shaxmat bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan.