Sport xabarlari
Poytaxtimizda erkaklar o‘rtasida mamlakat kubogi musobaqasi boshlandi. Unda yetti jamoa ikki guruhda bahslashmoqda.
Basketbol. Poytaxtimizda erkaklar o‘rtasida mamlakat kubogi musobaqasi boshlandi. Unda yetti jamoa ikki guruhda bahslashmoqda.O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasidan ma’lum qilishicha, “A” guruhida dastlabki kungi bahslarda Toshkentning “MHSK-1” jamoasi Farg‘ona pedagogika instituti basketbolchilarini 142:33 hisobida yenggan, Navoiy viloyatining “So‘g‘diyona” klubi poytaxtning “MHSK-3” jamoasini 74:54 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan.
“B” guruhida Toshkentning “Elektroapparat” jamoasi “MHSK-2” (Toshkent) jamoasi ustidan 74:65 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu guruhdan Qoraqalpog‘istonning “Nukus” jamoasi ham o‘rin olgan.
Guruh bahslari yakunida har bir guruhda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar final yo‘llanmasi uchun bahslashadi.
* * *
Pauerlifting. Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida pauerlifting bo‘yicha jahon kubogi musobaqasida hamyurtimiz Ro‘za Qo‘ziyeva bronza medalga sazovor bo‘ldi.
U qirqdan ziyod davlatdan ikki yuzdan ortiq sportchi ishtirokida o‘tayotgan musobaqaning vazni 50 kilogrammgacha bo‘lgan paralimpiyachilar bahsida 95 kilogramm og‘irlikdagi toshni o‘ziga bo‘ysundirib, uchinchi o‘rinni egalladi.
* * *
Voleybol. Poytaxtimizda qizlar o‘rtasida mamlakat chempionatining ikkinchi tur o‘yinlari boshlandi.
Turning dastlabki kungi bahslarida xorazmlik voleybolchilar Sirdaryo viloyati jamoasiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi: 3:0.
Namangan viloyati jamoasi buxorolik voleybolchilardan ustun kelgan bo‘lsa, andijonlik qizlar Qashqadaryo viloyati jamoasini mag‘lubiyatga uchratdi, Jizzax va Samarqand viloyatlari jamoalari o‘rtasidagi bahsda 3:0 hisobida jizzaxlik qizlarning qo‘li baland keldi.
Ikkinchi tur bahslari 22-fevralga qadar davom etadi.