O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida "So‘z maydonidan futbol maydoniga" deb nomlangan adabiy anjuman bo‘lib o‘tdi. 10 dekabr — Butunjahon futbol kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirga sportchilar, adabiyot ahli, kitobsevarlar taklif etildi.
Bugungi kunda sportchilar orasida kitobxonlikni targ‘ib etish, ijod ahlini yurtimiz iftixorlari bo‘lgan sport ustalari haqida yangi asarlar yaratishga ruhlantirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Mazkur adabiy anjuman ham ayni shu ezgu maqsad yo‘lida tashkil etildi.
Tadbirda Abror Pir Muhammadning "Akademnashr" nashriyotida chop etilgan "Marokashning maroqli va mahzun manzaralari", "Tunisning totli taassurotlari", "Saudiyaning sehrli sahrolari", "Avstraliya ajoyibotlari", "Iordaniya hayrat va ibrat maktabi" nomli besh jilddan iborat safar povestlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

—Sport musobaqalari shunisi bilan e’tiborliki, ularda Vatanimiz madhiyasi baralla yangraydi, — dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid. — Bugun sport rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda. Futbol ham kurash, hayot haqiqatini o‘zida aks ettiradi. Shu ma’noda adabiyot bilan futbol o‘rtasidagi bog‘liqlik ularning har ikkisi ham o‘zida hayot haqiqatini aks ettirishida namoyondir.
—Futbol — mo‘’jiza, falsafa, — dedi taniqli adib, ustoz ijodkor Xurshid Do‘stmuhammad. — Futbolchilar huzurida sportning bu turi haqida gapirish juda mushkul. Hali sportchilar oldida biz ijodkorlarning qarzimiz ko‘p. Dunyoni sport, xususan futbol ko‘zi bilan ko‘rish mutlaqo boshqa talqinlarga olib keladi. Jahon miqyosidagi musobaqalarda bizning futbolchilar ham qatnashib, o‘yin ko‘rsatishini orzu qilamiz.

—Bugun Abror Pir Muhammadning futbolga oid besh jildlik kitoblari taqdimoti o‘tkazilmoqda, — dedi o‘zbek futboli afsonasi Mirjalol Qosimov. — Kitob muallifi bilan tanishmiz. O‘z taassurotlarini kitob tarzida yozib, yoshlarga yetkazayotgani e’tiborli. Aslida kechayu kunduz sportchilar bilan birga bo‘lib, o‘z taassurotlarini kitob holida chiqarish juda murakkab, mushkul ish. Bu yo‘lda muallifga ijodiy barkamollik tilayman.
—Sport zamirida sabr, zahmatli mehnat yotadi, — dedi atoqli ijodkor Kavsar Turdiyeva. — Bugungi kunda mohir sportchilar yetishtirish juda dolzarb. Shu ma’noda adabiyot ahlining hali zimmasidagi vazifalari ko‘p.
—Ushbu kitoblar orqali sport bilan birga borgan mamlakatlarimizning tarixi, an’analarini aks ettirishga intildik, — dedi muallif Abror Pir Muhammad. — Ulardan kitobxon nedir foydali jihatlarni o‘ziga olsa, maqsadimizga erishgan bo‘lamiz.
Darhaqiqat, ushbu kitoblarda muallif uzoq yillik mehnat faoliyati davomida milliy terma jamoa shifokori maqomida ko‘plab yurtlarda bo‘lib, o‘z taassurotlarini bayon etgan.
Nazokat Usmonova, O‘zA