Sport va salomatlik aksiyasi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan Chimboy tumanida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ommaviy sport va salomatlik tadbirlari orqali jismoniy faollikni oshirish maqsadida “Yoshlar - sog‘lom turmush tarafdori” shiori ostida sport va salomatlik aksiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Chimboy tuman kengashlari mas’ul xodimlari, xalq deputatlari Chimboy tuman Kengashidagi O‘zXDP deputatlik guruhi a’zolari, partiyaning “Yoshlar qanoti” a’zolari, partiya faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yoshlarga so‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalar qatori jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga, aholi o‘rtasida ommaviy sportni ommalashtirish, yoshlarni sportga jalb etishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida yoshlar o‘rtasida shaxmat-shashka bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Ushbu sport turi yoshlarning intellektual, fikrlash, diqqatni oshirish, strategik va rejalashtirish qobiliyatini oshirishga yordam beradi. Qizg‘in bellashuvlar yakunida g‘oliblar partiyaning esdalik sovg‘alari va tashakkurnoma bilan taqdirlandi.

Shuningdek, “Salomatlik uchun 5000 qadam!” ommaviy yurish marafoni ham tashkil etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA