Vatanimiz tarixidagi 2 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1862 yil (bundan 163 yil oldin) – Xiva xonlari sulolasiga mansub ijodkorlardan biri, Komyob taxallusi bilan ijod qilgan shoir va tarixchi Sayyid Homid to‘ra tavallud topdi (vafoti 1922 yil). U otadan yosh yetim qolib, Xiva xoni Muhammad Rahimxon II Fero‘z tarbiyasida o‘sgan. Komyob zamonasining taniqli shoiri darajasiga ko‘tarilgan. Uning ikki qismdan iborat she’riy devoni bizgacha yetib kelgan. Komyobning “Tarix ul-havonin” (“Xonlar tarixi”), “Muntaxab ul-vaqoye” (“Voqealar to‘plami”) nasriy hamda “Xorazm mamolikinda falak hodisasidin voqea ajoyibi zuhur marhalasig‘a kelgonining zikri” nomli esdalik asari ham bor. “Tavorix ul-havonin”da yozilishicha, Sayid Homid to‘ra xon farzandi bo‘lishiga qaramay, o‘ziga berilgan o‘n besh tanob yerida dehqonchilik qilish bilan kun kechirgan.
1897 yil (bundan 128 yil oldin) – matematik olim, pedagog, jamoat arbobi, akademik Toshmuhammad Qori-Niyoziy tavallud topdi (vafoti 1970 yil). U 1931–1933 yillarda O‘rta Osiyo universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) rektori sifatida faoliyat olib borgan. Bir qancha rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Toshmuhammad Qori-Niyoziy 1943–1947 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining birinchi prezidenti bo‘lgan. U Elementar va oliy matematika bo‘yicha o‘zbek tilidagi birinchi darsliklar muallifi. 2002 yilda O‘zbekiston Respublikasining “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
1920 yil (budan 105 yil oldin) – Buxoroga bostirib kelgan qizil qo‘shinlar ertalab amir poytaxti himoyachilarining so‘nggi tayanchi – Ark ko‘rg‘onini egalladi. Shunda yog‘ochli kurilishlarning xammasini yo‘k qilgan katta yong‘in boshlanib, yerto‘lada saqlanayotgan miltiq dori – porox portlab ketishiga sal qoldi. Buxoroda amirlik tuzumi ag‘darib tashlandi. Qadimiy Buxoro o‘t va harobalar ichida qoldi. Buxoroliklar bu kunlarni “kichik qiyomat” deb atashgan.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Shukrullo tavallud topdi. U lirik she’rlarida sevgi va vafo, mehr va oqibat singari insoniy qadriyatlarni ulug‘lab, kitobxonda yalqovlik, loqaydlik, kalondimog‘lik, hasadgo‘ylik, g‘arazgo‘ylik kabi illatlarga nisbatan nafrat tuyg‘usini uyg‘otishga intilgan. Uning asarlari rus, arab, turk, ozarbayjon, qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz tillarida nashr etilgan. Shukrullo 1994 yilda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati bo‘lgan, shu yili “Do‘stlik” va 1999 yilda “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining Xalqaro moliya tashkilotlariga kirishi bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”, “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida” Qonunlari qabul qilindi.
1994 yil (bundan 31 yil oldin) – o‘quv yurtlari tizimini takomillashtirish, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlari va bo‘linmalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning kompleks tizimini tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi tashkil etildi.
1995 yil (bundan 30 yil oldin) – Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida Birinchi Markaziy Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda dorboz Tohir Toshkenboyev katnashib, sport tarixida birinchi marta olimpiya mash’alini dor ustidan olib o‘tdi. Dorbozning bu jasoratiga yuksak baho berib, Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi Prezidenti Xuan Antonio Samaranch Tohir Toshkenboyevga o‘zining maxsus sovg‘asi va Faxriy Yorlig‘ini topshirdi.
2016 yil(bundan 9 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov og‘ir xastalik tufayli vafot etdi. 2017 yildan buyon 2 sentyabr O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasi kuni sifatida o‘tkaziladi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – Samarqandda Islom Karimov haykalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon, Qo‘qon shaharlari va Rishton tumanida hunarmandchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” Qonunlari qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “To‘qimachilik sanoatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Ibratli oila» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi. Farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish maqsadida oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan oilalarga beriladigan “Ibratli oila” ko‘krak nishoni 15 may – Xalqaro oilalar kunida topshiriladi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA