Sport sohasidagi ustuvor vazifalar tahlili
Sport vazirligida mamlakatimizda aholini ommaviy sportga jalb qilish, ta’lim muassasalari faoliyati, "Prezident olimpiadasi"ga tayyorgarlik, sport infratuzilmasini rivojlantirish kabi masalalarga bag‘ishlangan navbatdan tashqari hay’at yig‘ilishida ustuvor vazifalar ijrosi ko‘rib chiqildi.
Videoselektor tarzida o‘tgan yig‘ilishda Sport vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va uning viloyat bo‘limlari mutasaddilari, Milliy paralimpiya qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sport boshqarmalari boshliqlari, Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari direktorlari, sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida sportchilarimizning yirik sport musobaqalari, xususan Ozarbayjonda o‘tgan MDH o‘yinlari, Bahraynda tashkil etilgan yoshlar Osiyo o‘yinlaridagi natijalar tahlili, ayni kunlarda Saudiya Arabistonida o‘tayotgan Islom birdamligi musobaqalaridagi ishtiroki tahlil etildi.

Muhokamalar davomida joylardagi rahbarlarning hisobotlari eshitilib, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, sport sohasini raqamlashtirish, ERP sport tizimiga ma’lumotlarni to‘laqonli kiritish bilan bog‘liq masalalar tanqidiy tahlil qilinib, ushbu tizim imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarurligi qayd etildi.

Bildirilgan fikr-mulohazalar asnosida joylarda sport maydonchalarini foydalanishga topshirish borasida sezilarli natijalarga erishilayotgani, aholini ommaviy sportga jalb qilishda sport infratuzilmani yaxshilash muhim masala ekani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, davlat xususiy sheriklik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalar ko‘rib chiqilib, belgilangan talablarni to‘liq bajarish lozimligi, "Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari" sport musobaqalarining finali "Prezident olimpiadasi"ni yuqori darajada o‘tkazish, sportchilarga zarur sharoitlarni yaratish ustuvor vazifa ekanligi aytildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA