Sport sohasida malakali kadrlarga ehtiyoj yuqori buning uchun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida barcha sharoitlar yaratilmoqda
Jismoniy tarbiya va sport vazirligida “Jismoniy tarbiya va sport sohasida malakali kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligida “Jismoniy tarbiya va sport sohasida malakali kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mo‘minjonov, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori M.Boltaboev va boshqalar mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ular sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash, bunda ilg‘or xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport institutiga “universitet” maqomi berildi.
Shu asosda universitetning o‘quv binolari qayta rekonstruksiya qilinib, moddiy-texnik bazasi yangilanmoqda. Hududdagi bino va inshootlarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish, jihozlash uchun 2018-2021 yillar davomida mablag‘lar bosqichma-bosqich ajratilishi belgilab qo‘yildi.
2019 yilda 400 o‘rinli talabalar turar joyi, 500 o‘rinli o‘quv binosi, ma’ruza zallari, elektr uzatish stansiyasi, Jismoniy tarbiya va sport muammolarini o‘rganish ilmiy-amaliy tadqiqot markazi qurilishi belgilangan.
2020 yilda 800 o‘rinli talabalar turar joyi, bitta yangi o‘quv binosi, 400 o‘rinli oshxona, 2ta 18x42 o‘lchamdagi sport zali yangidan quriladi. Futbol stadioni va unga tegishli ma’muriy binoning tom qismi, elektr tizimi, ichimlik suvi, issiq suv, oqova suv tarmoqlari, sanuzel hamda yugurish yo‘laklarini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan.
Bugungi kunda universitetdagi mavjud 4ta fakultetda 5 ming 13 nafar talaba tahsil olmoqda.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, universitetning Nukus filiali tashkil etildi. Filial uchun 2019-2020 o‘quv yilida 50 nafar talabaga kvota ajratilgan. Ular badiiy gimnastika, dzyudo, basketbol, voleybol, eshkak eshish, erkin kurash, maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda jismoniy tarbiya va sport hamda psixologiya (sport) yo‘nalishlariga qabul qilinadi.
2020-2021 o‘quv yilidan talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi. Boks, suzish, kurash, futbol, yengil atletika, og‘ir atletika, qo‘l to‘pi, yunon-rum kurashi yo‘nalishlarida ham bakalavrlar tayyorlanadi.
Tadbirda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Xususan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tarkibida 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti bilan hamkorlikda qishki sport turlari bo‘yicha qo‘shma jismoniy tarbiya, sport va turizm fakulteti, 2020-2021 o‘quv yilidan Rossiyaning P.F.Lesgaft nomidagi Sankt-Peterburg milliy davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik universiteti bilan hamkorlikda “Sport psixologiyasi” magistratura mutaxassisligini tashkil etish rejalashtirilgan.
Qo‘shma fakultetlarning bakalavr ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga har yili ajratiladigan qabul kvotasining 30 foizi miqdorida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining tavsiyasiga ko‘ra qabul qilinadigan maqsadli qabul kvotalari ajratiladi.
Anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.