Sport, san’at va go‘zallik bayrami
Andijon shahridagi “Barkamol avlod” o‘yingohida “Gimnastika hamma uchun” shiori ostida gimnastrada sport musobaqasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Andijon viloyat hokimligi, viloyat turizm va sport boshqarmasi, gimnastika federatsiyasi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda barcha viloyatlardan tashrif buyurgan 24 jamoa ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, qolaversa, uy bekalari hamda qizlar o‘rtasida gimnastrada sportining ommaviyligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida o‘tkazilgan musobaqa ochilishida mamlakatimizda ayollarning sog‘lom bo‘lishi, xususan, xotin-qizlar sportini rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, o‘tkazilayotgan gimnastrada musobaqasi yosh qizlar va uy bekalarni sportga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
[gallery-5183]
- Go‘zallik, san’at va sport bayramiga aylangan gimnastrada musobaqasi yuqori saviyada o‘tkazildi, - deydi Andijon viloyati Gimnastika federatsiyasi raisi Anvarbek Qurbonov. – Musobaqada 800 nafardan ziyod 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar ishtirok etib, o‘z mahoratlarini namoyish etdi.
Qiziqarli bahslar, o‘ziga xos chiqishlar asosida o‘tgan musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Toshkent shahri jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Andijonlik gimnastikachilarga ikkinchi, Jizzax viloyati jamoasiga esa uchinchi o‘rin nasib etdi.
G‘oliblar, turli nominatsiyalar bo‘yicha sovrindorlar musobaqa tashkilotchilari tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat),O‘zA