Sport – salomatlik garovi
Buxoroda “Gimnastika barcha uchun” sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Buxoroda “Gimnastika barcha uchun” sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.Musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Gimnastika federatsiyasi hamkorligida “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida tashkil etildi.
Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulfiya To‘yyeva va boshqalarPrezidentimiz rahnamoligida ommaviy sportni rivojlantirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish orqali aholi salomatligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda xotin-qizlarni sportga keng jalb etish, oilaviy sportni rag‘batlantirishga qaratilgan “Gimnastika barcha uchun” an’anaviy musobaqasi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Musobaqada 10 yoshgacha bo‘lgan qizlar va 50 yoshdan oshgan uy bekalari – jami 12 jamoa olti nominatsiya bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. Majburiy va erkin dasturlarga muvofiq gimnastika elementlarini qo‘llagan holda milliy musiqaga hamohang raqslar ijro etdi.
– Tumanimizda sportning boshqa turlari kabi badiiy gimnastika ham tobora rivojlanmoqda, – deydi Qorovulbozor tumanidan Sabrina Egamberdiyeva. – Bizning 10-bolalar va o‘smirlar sport maktabida yoshlarning o‘zlari qiziqqan sport turi bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Maktabimizda uy bekalari uchun sog‘lomlashtirish guruhi tashkil etilgan. Buvim ham ushbu guruhga a’zo. Buvim bilan birga bugungi musobaqada qatnashib, “Eng yaxshi dinamika” nominatsiyasida g‘olib chiqqan tumanimizning “Nafosat go‘zallari” jamoasi muvaffaqiyatiga munosib hissa qo‘shdik.