Sport nafislik va salomatlik manbai
Buxoroda “Sport nafislik va salomatlik manbai” shiori ostida “Gimnastika barcha uchun” viloyat sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Sport musobaqasi viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda «Mahalla» xayriya fondi Buxoro viloyati bo‘limi hamkorligida o‘tkazildi. Tadbirni viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Feruza Ibragimova tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Mamlakatimizda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini tatbiq etish ayniqsa, xotin-qizlar salomatligi yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
[gallery-5049]
Musobaqada viloyat kesimida barcha tuman va shahardan davlat korxona va tashkilotlarida faoliyat yuritib kelayotgan jami 13 ta jamoada 130 nafar xotin-qizlar qatnashdi. Jamoalarning musiqiy va badiiy chiqishlari orqali qizg‘in kechgan bahslar yakunida munosib jamoalar 10 ta nominatsiya bo‘yicha e’tirof etildi.
G‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar I, II, III darajali diplom, medal va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. G‘olib ishtirokchilarga «Mahalla» xayriya fondi Buxoro viloyati bo‘limi tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari ham topshirildi.
Musobaqada I o‘rin - viloyat Bojxona boshqarmasining “Jasoratli qizlar” jamoasi, II o‘rin - Kogon shahar jamoasi, III o‘rin - Buxoro tumani jamoasiga nasib qildi. Shuningdek, turli naminatsiyalar bo‘yicha ham jamoalar taqdirlandi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA