Ommaviy sportni rivojlantirmay, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlamay turib professional sportda yuksak natijalarga erishib bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 13 fevral kuni sport sohasidagi ishlarni yanada kuchaytirishga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda aholining keng qatlamini ommaviy sportga jalb qilish borasida qator vazifalar belgilangan edi. Yil yakuniga qadar aholining 15 million nafarini ommaviy sport bilan qamrab olish lozimligi ta’kidlangan.
Xo‘sh, ortda qolgan 9 oy yakunlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda qanday natijalarga erishildi? Ommaviy sport musobaqalari qay tartibda tashkil etildi? 25 sentyabrdan mamlakatimizdagi umumta’lim maktablari, kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida boshlanadigan “Besh tashabbus olimpiadasi” o‘yinlarida qancha yoshlar qamrab olinadi?
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ushbu savollarga atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
Sport vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi mutaxassislari anjuman davomida jurnalistlarning savollariga javob berish asnosida bugungacha 6 million 600 ming nafar yoshlar ommaviy sport tadbirlariga jalb qilinganini aytishdi.
2025/2026 o‘quv yili davomida 4 million 700 ming nafar o‘quvchi “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalari bilan qamrab olinishi reja qilingan bo‘lsa, bugungacha maktab o‘quvchilarining 5 million 600 ming nafari sport musobaqalarida qatnashish platformasidan ro‘yxatdan o‘tgan.
Anjumanda aytilganidek, professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida 5 ta sport turi bo‘yicha sentyabr–noyabr oylarida ommaviy sport musobaqalari o‘tkazilishi nazarda tutilgan bo‘lib, yil davomida 200 ming nafar o‘quvchi qamrab olinishi reja qilinmoqda.
Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida 5 ta sport turi bo‘yicha sentyabr–dekabr oylarida 4 bosqichda ommaviy sport musobaqalari o‘tkazilishi yuzasidan dasturlar ishlab chiqilmoqda. Ayni harakatlar natijasida 500 ming nafardan ziyod talabalar sport tadbirlarida qatnashishi kutilmoqda.
Savol-javoblarga boy kechgan anjumanda aytilganidek, ushbu sa’y-harakatlar, o‘tkaziladigan ommaviy sport musobaqalari kelgusida vatanimiz sharafini xalqaro musobaqalarda munosib himoya qiladigan mahoratli sportchilar safini kengaytirish bilan bir qatorda, yurtimizda sog‘lom insonlar safi ortishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Rh3I0Hn_srE" title="Sport musobaqalari barkamol yoshlar safini kengaytiradi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Javohir Toshxo‘jayev,
To‘lqin Ro‘ziyev, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA