Sport kurashlari: Mo‘’jiza sodir etilmadi
Serbiya poytaxti Belgradda erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha to‘qqiz kun davom etgan navbatdagi Jahon chempionati bahslari o‘z g‘oliblarini aniqladi.
Xabar berganimizdek, dunyoning 50 ga yaqin davlatidan 800 nafardan ziyod sportchilar qatnashgan bahslarda yunon-rum kurashchilarimizdan o‘z vaznlarida Jalgasbay Berdimuratov kumush, Jasurbek Ortiqboyev esa bronza medalini qo‘lga kiritdi va umumjamoa hisobida vakillarimizning sakkizinchi pog‘onadan joy olishini ta’minladi.
Jahon chempionatida ishtirok etgan erkin kurashchilarimiz afsuski belgilangan natijalarga erisha olmadi. Sportchilarimizdan Tokio olimpiadasi sovrindori Bekzod Abdurahmonov 5-o‘rinni, Abbos Rahmonov va G‘ulomjon Abdullayev 7-o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, qolgan vakillarimiz o‘z imkoniyati darajasida harakat qila bilmadi.
Xuddi shuningdek, ayollar kurashida qatnashgan terma jamoamiz a’zolari ham Belgrad kurash gilamlarida mo‘’jiza sodir eta olmadi. Vakilalarimizdan Svetlana Oqnazarova, Layloxon Sobirova hamda Jasmina Immayevaga medallar uchun kurashda ruhiy muvozanat va taktik mahorat yetishmadi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatimiz sport kurashi vakillari o‘tgan yilgi jahon chempionatida moliyaviy muammolar sababli ishtirok eta olmagandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA