Sport: Haftadagi g‘oliblik shamoli
Mamlakatning xalqaro sport nufuzini jahon miqyosida o‘tkazilayotgan chempionatlarda munosib natijalarni qayd etayotgan sportchilar belgilaydi.
Aytish kerakki, ayni kunlarda bir nechta sport turlari bo‘yicha qator sportchilarimiz, terma jamoalarimiz xorijiy mamlakatlarda tashkil etilayotgan jahon va qit’a chempionatlarida, xalqaro turnirlarda, kubok bahslarida qatnashmoqda yoki boshlanajak musobaqalarga hozirlik ko‘rmoqda.

Boks bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Turkiyadagi jahon chempionatining saralash bahslarida qatnashayotgan bo‘lsa, qilichbozlarimiz Tunisda davom etayotgan jahon kubogida yurtimiz sport sharafini himoya qilmoqda.
Shuningdek, zamonaviy besh kurashchilarimiz Bolgariyada, o‘q otish bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari Germaniyadagi jahon kubogi bellashuvlarida, chavandozlarimiz Qirg‘izistonda ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha kechayotgan Yevrosiyo ligasi musobaqalarida, kikboksingchilarimiz Turkiya ochiq kubogida, proffessional bokschilarmiz AQSH, Yevropa ringlarida matonat ko‘rsatishmoqda. Shiddatli musobaqalarda g‘oliblik shoxsupasiga da’vogarlar safida O‘zbekiston yoshlari borligini namoyish etmoqda.

Bevosita, bugun, 13 may kuni o‘tadigan xalqaro musobaqalarda qatnashadigan sportchilar xususida shuni aytish joizki, Turkiyadagi jahon chempionatining 70 kilogramlilar o‘rtasidagi 1/8 saralashida hamyurtimiz Xadichabonu Abdullayeva avstraliyalik Fransis Skottga qarshi navbatdagi jangini o‘tkazadi.
Shuningdek, qilichboz qizlarimiz Shahzoda Egamberdiyeva, Dilnaz Murtazayeva, Sevara Rahimova, Marjona Zubaydullayeva Tunis sport yo‘lagida jahon kubogining shpaga yo‘nalishida o‘tadigan guruh bosqichida qatnashishadi.

Zamonaviy beshkurashchimiz Alise Faxrutdinova esa Bolgariyadagi jahon kubogi yarim finalidan muvaffaqiyatli o‘tib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Endi u ertaga, 14 may kuni medallar uchun bahslarda ishtirok etadi.
Yana bir gap. Bugun Istanbulda ayollar o‘rtasida davom etayotgan jahon chempionati doirasida Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) kongressi boshlanadi. Kongressda tashkilot prezidentligi uchun saylov o‘tkaziladi. Unda IBAning amaldagi rahbari rossiyalik Umar Kremlyov va niderlandiyalik Boris van der Vorst kurash olib borishadi. Navbatdan tashqari yig‘ilishda tashkilotning ijroiya qo‘mitasi uchun ham saylovlar bo‘lib o‘tadi. Kongress o‘z ishini ertaga yakunlanlaydi.

Umuman olganda o‘tayotgan hafta yurtimiz sport hayotida muhim voqealarga boy bo‘lmoqda.
Hafta avvalida Germaniyada kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun turnirning muvaffaqiyatli o‘tganligi, Gretsiyada og‘ir atletika bo‘yicha yakunlangan jahon chempionatida og‘ir atletikachilarimiz 6 nafar sportchi bilan tarkib jihatdan katta va tajribali jamoalarni ortda qoldirgan holda 62 ta davlat orasida 3-o‘rindan joy olishi, kamondan otish, o‘q otish, zamonaviy beshkurash, professional boks, para sportchilarning yutuqlari, ishtiroki barcha-barchasi keyingi hafta ham xalqaro sport maydonlarida Vatanimiz sportchilari munosib natijalar qayd etishiga yo‘l ochayotgandek.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA