Munosabat
Prezidentimiz joriy yilning 21 noyabr kuni yoshlarni sportga keng jalb etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” bo‘yicha davlat dasturi doirasida navqiron avlodga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. 10 milliondan ziyod aholi ommaviy sport bilan shug‘ullanmoqda.
Barcha hududlarda, ta’lim va mehnat jamoalarida turli musobaqalar o‘tkazilmoqda. Davlat dasturida jamoaviy sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish vazifasi belgilangan. Shunga muvofiq, qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Masalan, jamoaviy sport turlari bo‘yicha “Mahalla ligasi” va “Maktab ligasi” musobaqalarini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda. Davlat oliy ta’lim muassasalarida sport klublarini tashkil qilish, ular o‘rtasida “Talabalar ligasi”, “Vazir kubogi” va “Rektor kubogi” kabi musobaqalar o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.
Jamoaviy sport turlari bo‘yicha milliy ligalar qo‘llab-quvvatlanadi. Mahalliy hokimliklar huzurida hududiy sport klublari tuziladi. “ERP Sport” elektron tizimida iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va seleksiya qilish joriy etiladi.
Taklifga ko‘ra, haftaning har payshanba kuni “jismoniy tarbiya va sport kuni” sifatida belgilanadi. Jalb qilingan yoshlar soni hamda erishilgan natijalarga qarab, sport maktablari xodimlariga ustama beriladi. Shuningdek, infratuzilmadan kelib chiqib, muassasalar muayyan sport turlariga ixtisoslashtiriladi.
Tizim maktablarida ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner lavozimini joriy etilib, ularga beshtagacha mahalla va ta’lim muassasalari biriktiriladi. Mahallalarda to‘garaklar tashkil etgan trenerlar qo‘shimcha rag‘batlantiriladi.
Prezident sport sohasi yoshlarga oid davlat siyosatining katta yo‘nalishi ekanini ta’kidlab, joylarda bu boradagi qulayliklarni kengaytirish, yosh avlodni har tomonlama yetuk etib tarbiyalash bo‘yicha fikrlarini bildirdi.
Shu bilan bir qatorda Buxoro davlat universitetida ham sport klublari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tizimli tarzda “Rektor kubogi”, “Talabalar ligasi”, “Vazir kubogi”, “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalari tashkil etilmoqda va respublika bosqichlarida universitet jamoasi munosib ishtirok etib kelayotganligi barchamizga sir emas.
Universitetda bugungi kunda jamoaviy sport turlariga katta e’tibor qaratilganligini alohida ta’kidlash lozim. Bugungi kunda nafaqat universitet jamoasi balki, universitet yon-atrofida joylashgan mahalla, maktab yoshlari ham kelib katta va kichik universitetda tashkil etilgan 12 sport to‘garaklarida futbol, voleybol, basketbol, gandbol, yengil atletika, boks, kurash, dzyudo, stol tennisi, shaxmat, shashka kabi sport turlari bilan shug‘ullanish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Bu to‘garaklar faoliyati natijasi sifatida alohida e’tibor qaratish lozimki, universitet jamoa vakillari nafaqat viloyat miqyosda balki, respublika bosqichlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda.
Anvar Sattorov,
BuxDU Sport faoliyati kafedrasi mudiri,
Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), professor.
O‘zA