Sport bilan shug‘ullanganlar rag‘batlantiriladi
Qashqadaryo viloyat sport boshqarmasi mas’ullari ishtirokida OAV vakillari uchun “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash” mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida bu haqda batafsil ta’kidlab o‘tildi.
Endilikda sportga havasmand oddiy aholi vakillari yoshidan qat’iy nazar imkoniyatiga qarab sport sinovlaridan o‘tishi mumkin. Buning uchun dastlab my.sport.uz platformasidan ro‘yxatdan o‘tish lozim. Sport sinovlari murakkablik darajasini hisobga olgan holda ixtiyoriy va maxsus talablar asosida qabul qilinadi.
Aholining yosh toifasiga qarab 7 yoshdan 17 yoshgacha 1-yo‘nalish mart-aprel oylarida, 18 yoshdan 29 yoshgacha 2-yo‘nalish aprel-may oylarida. 3-yo‘nalish 30 yoshdan 49 yoshgacha avgust-sentyabr oylarida o‘tkazilishi mo‘ljallanmoqda. 50 yosh va undan katta yoshdagi shaxslar uchun 4-yo‘nalish oktyabr-noyabr oylarida o‘tkazilishi belgilangan.
[gallery-18615]
Eng muhimi, bu sinovlarda ishtirok etib, g‘oliblikka erishilsa, ko‘plab yutuq va imtiyozlarga ega bo‘lish imkoniyati ham yaratilgan. Jumladan, sport sinovlarining ixtiyoriy talablarini bajargan g‘olib va sovrindorlar faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantiriladi. Maxsus talablarni bajargan g‘olib va sovrindorlar I, II, III darajali “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishonlari va qimmatbaho sovg‘alar, shuningdek, bir yil mobaynida turli imtiyozlar bilan rag‘batlantiriladi.
Masalan, harbiy xizmat to‘loviga 50 foiz chegirma, “Temurbeklar maktabi”ga imtiyozli qabul, dam olish maskanlariga yo‘llanma, ishga va o‘qishga qabul qilinishida imtiyoz (oliy ta’lim muassasalari sport yo‘nalishidan tashqari), ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasida bir martalik bepul tibbiy ko‘rik, g‘oliblarga jamoat transportida bepul hamda hududlararo harakatlanishda 50 foiz chegirmali to‘lov, g‘olib va sovrindorlar farzandlariga maktab, MTM va oromgohlarga imtiyozlar bor.
Aholining barcha qatlamlari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish orqali ularning jismoniy qobiliyati va harakat faolligini takomillashtirish, mehnatga layoqatini oshirish, zararli odatlar hamda turli kasalliklarning oldini olish va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida tashkil etilayotgan bu kabi musobaqalar albatta o‘zining ijobiy samarasini bermay qolmaydi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari