Qoraqalpog‘iston Respublikasida taniqli shoir, atoqli yozuvchi, mohir tarjimon Uzaqbay Pirjanovning 85 yilligi keng nishonlandi.
Qoraqalpoq xalqining sevimli ijodkori Uzaqbay Pirjanovning 85 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar Bo‘zatov tumanida o‘tkazilgan adabiy xotira kechasi bilan boshlandi. Tuman hokimi Kamal Allaniyazov boshqargan tadbirda Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli yozuvchi va shoirlar, jamoatchilik vakillari, maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari, tuman faollari ishtirok etdi.
Yubiley tadbirlari Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida davom etdi. Tadbir doirasida “So‘zim xalq og‘zida qolsa roziman” mavzuida respublika ilmiy-amaliy anjumani ham o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri va O‘zbekiston xalq yozuvchisi Kenesboy Karimov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli adiblar Nurali Qobul va Sobir O‘nar, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi rahbari, taniqli tarjimon Kenesboy Reymov, taniqli shoir Sharapaddin Ayapov, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi Alpisboy Sultanov, Uzaqbay Pirjanovning qizi Lira Pirjanova hamda adabiyot ixlosmandlari, professor o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.
Uzaqbay Pirjanov 1937 yil Bo‘zatov tumani “Erkindaryo” xo‘jaligi Xo‘ja qishlog‘ida oddiy oilada tug‘ilgan. Adib Qoraqalpoq davlat pedagogika instituti (hozirgi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti) tarix-filologiya fakultetida tahsil olgan. 1972 yildan SSSR Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘lgan. Mehnat faoliyatini “Amudaryo” jurnalida boshlagan ijodkor “Qoraqalpog‘iston” nashriyoti va Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasida yetakchi muharrir lavozimlarida ham ishlagan.
Adib hayoti davomida ko‘plab she’rlar, hikoya va qissalar yozgan. “Muhabat qo‘shig‘i”, “Suvrat”, “U on bahor edi”, “Kuzgi yaproqlar”, “Qorda qolgan izlar”, “Qizil kendirning gullari”, “Oq tol ostidagi oqshom”, “Aprelning so‘nggi oqshomi”, “Oqim” kabi kitoblari chop etilgan. Uning asarlari rus, gruzin, ozarbayjon, tүrk, qozoq, qirg‘iz, tatar, bashqirt, qumiq, darg‘in, avar tillariga tarjima qilingan.
Uzaqbay Pirjanov qoraqalpoq adabiyotida mohir tarjimon sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. “Amir Temur tuzuklari”, “Turklar shajarasi”, Chingiz Aytmatovning deyarli barcha asarlarini, shuningdek Krishan Chandar, Stanislav Yeji Lets, Mixail Bulgakov, Mixail Zoenko, Grigoriy Baklanov, Yuriy Leontichev kabi bir qator chet el yozuvchi va shoirlarining asarlarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilgan. Yozuvchi umr yo‘ldoshi, taniqli shoira Shirin Xalmuratova bilan beshta farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdi.
Anjumanda filologiya fanlari doktori, professor Kenesboy Allambergenov “Uzaqbay Pirjanovning ijodida ko‘pqirralilik va badiiy jihatlar”, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Arzi Pazilov “U. Pirjanov prozasida ta’lim-tarbiya masalalarining badiiy ko‘rinishlari”, Qoraqalpoq davlat universiteti qoraqalpoq adabiyoti kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Jamila Sagdullayeva “U. Pirjanov qissalaridagi uslubiy izlanishlar” mavzuidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda adibning shogidlari so‘zga chiqib, Uzaqbay Pirjanovning ijodidagi o‘ziga xoslik, tarjimonlikdagi qirralari va adibning hayoti haqida batafsil ma’lumot berdi.
Anjuman Qoraqalpog‘iston san’at ustalari va institutning “To‘maris” xalq ansambli va iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan yakunlandi.
O‘zA