Odatda qo‘shiqlar insonning ko‘nglini ko‘taradi, ruhini tinchlantiradi va zavq beradi. Ba’zi qo‘shiqlarni tinglasangiz, matni yuragingizni ezadi, ammo kuyiga o‘ynagingiz keladi. Bu shunchaki tasodifmi yoki jamiyatda iztirob ham “o‘yinbop” tus olganidan dalolatmi?
To‘ylarda ko‘p kuylanadigan “Qarg‘alar uchsa qaraylik” qo‘shig‘i barchamizga ma’lum. Ko‘pchilik bu qo‘shiqni “O‘zbekiston” telekanalida efirga uzatilgan “Handalak” hajviy ko‘rsatuvi orqali biladi. Biroq, qo‘shiqning asl tarixi ko‘pchilikka ayon emas. Gohida hozir ham bu qo‘shiq to‘y-tadbirlarda jaranglab turadi. Ammo, qo‘shiq chindan ham o‘yinbopmi? Agar raqsbop bo‘lganida “qarg‘a” so‘zi o‘rniga “bulbul” yoki “kabutar” so‘zlari mosroq tushmasmikan?!
Manbalarga ko‘ra, qo‘shiq 1875 yilda Oq podsho Marg‘ilon uyezdini bosib olgach, erkaklarni qatl etishi va ularning jasadlari qarg‘alar tomonidan talanishi bilan bog‘liq voqealarga ishora qilishi aytiladi.
Bu holatda, qo‘shiq matni ayollarning yaqinlarini yo‘qotganidan keyingi qayg‘usini ifodalaydi. O‘sha davrlarda xalq uchun eng qayg‘ulisi o‘z yaqinlarini tuproqqa qo‘yolmas edilar.
“To‘ti qushning bolasiday
Ikkalamiz intizor,
Intizorlik torta-torta
Tanda toqat qolmadi.
Yo‘lchilikning holidan
Yurarga holat qolmadi,
Yo‘lchilikning holini
Yo‘lsa yo‘lovchidan so‘rang.
Biz g‘arib bechorani
Aqli raso yordan so‘rang...”
Umuman olganda bu iztirobli qo‘shiq. Millatimizning mudhish davrlarida ayollarning, onalarning yig‘isi. Ushbu qo‘shiqning g‘oyasi xor-u zor, och-yupun, qullikka mahkum elning ayanchli so‘zlari edi.
Bugungi kundagi o‘zbek to‘ylarida ham eshitilayotgan ko‘plab qo‘shiqlarni diqqat bilan tinglagan har qanday inson o‘z-o‘zidan savolga duch keladi: “Bu qo‘shiqning so‘zlari qanday ma’no anglatyapti?” Ajablanarlisi shundaki, ko‘p hollarda qo‘shiq matni ayriliq, yurak dog‘lari, hijron, xiyonat, kechirim so‘rash yoki yolg‘izlik haqida hikoya qiladi. Ammo bu musiqalar ayni to‘y marosimida, ya’ni inson hayotidagi eng quvonchli, yangi bosqich boshlanayotgan kunida yangraydi. Qolaversa, ularning kuy va ritmi raqsga undovchi, hatto ba’zida qarsak chalishga majbur qiluvchi darajada “o‘yinbop” bo‘ladi. Misol uchun, yorning bevafoligidan sochlari oqargan va xiyonatdan dili g‘amnok bo‘lgan yigitning dil so‘zlari o‘yinbop musiqa bilan hamohang tarzda yaxlit qo‘shiqqa aylangan. Qo‘shiq shunchaki tinglanmaydi, balki xursandchilik kunlarda davralarda raqsga tushiladi. Bu paradoks esa aslida jamiyatimizda musiqiy madaniyatning yuzaki idrok qilinayotganidan dalolat emasmi?
Hozirgi paytda bu kabi tendensiyalarning yuzaga kelishiga asosiy sabab – tijorat. To‘y sanoatida musiqachilar orasida shunday qarash paydo bo‘lgan: kuyga raqs tushilsa bo‘ldi. Shu bois, “mazmunini o‘ylab o‘tirmang, muhimrog‘i – odamlarni harakatga keltira olish” degan prinsip shakllangan. Bunday qo‘shiqlar xalq orasida tez tarqaladi, xonandaning mashhurligi oshadi, konsertlarga chaqiriq ko‘payadi, reklama daromadi ortadi. Ya’ni, iqtisodiy manfaat madaniy mas’uliyatdan ustun qo‘yiladi.
Ikkinchi sabab – tinglovchi auditoriyasining musiqiy savodxonligi pastligi. Ko‘pchilik odamlar qo‘shiqni tinglaganda mazmuni emas, aynan uning “qiziq”ligi, raqsga yaroqliligini qadrlaydi. Bu esa san’atda yuzaki yondashuvni rag‘batlantiradi.
To‘yda ayriliq haqidagi kuyga raqs tushish – bu nafaqat estetik nomuvofiqlik, balki ruhiy noaniqlikni ham bildiradi. Yoshlar ongsiz ravishda ayriliqni bayram qilish, yurak dog‘ini zavq bilan qabul qilish, yolg‘izlikni normallashtirish kabi g‘oyalarni ich-ichlaridan singdirib boradilar. Natijada hayotga, muhabbatga, oilaviy qadriyatlarga bo‘lgan munosabat buziladi.
San’atkor – jamiyat oldidagi eng katta mas’uliyat egalaridan biri. U hissiyot, g‘oya va kayfiyat tarqatadi. Ayniqsa, to‘ylar – madaniyatimiz ko‘zgusi. Shu bois, to‘ylarimizda qanday qo‘shiqlar yangrashi, bu qo‘shiqlarning matni nima demoqchi ekani, ular qanday ruhiy ta’sir ko‘rsatishi – har bir san’atkor, har bir to‘y tashkilotchisi, hattoki har bir mehmon uchun ham muhim masala bo‘lishi kerak.
Zamonaviy texnika, musiqiy effektlar, ritm – bular yaxshi. Ammo ularning ortida ma’no bo‘lmasa, bu musiqalar raqsga emas, ongga tahdid soladi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA