So‘z san’atining betakror siymosi
Yaxshi she’r, eng avvalo, ko‘ngildan joy oladi. Undagi har bir so‘zning ma’no-mazmuni, shoir aytmoqchi bo‘lgan fikr kitobxonni o‘ylashga, mushohada yuritishga undaydi. O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim so‘z san’atining jozibasi bilan o‘quvchilarni maftun eta oladigan, ularni she’riyat olamiga oshno qiladigan betakror iste’dod sohibi.
Adabiyot dunyosiga o‘zgacha bir shiddat, tog‘lar nafasi va xalqona ohanglarning zalvori bilan kirib kelgan ijodkorlar kam uchraydi. O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim ana shunday noyob siymolardan biridir.
Uning ijodi — shunchaki qofiyalangan satrlar yig‘indisi emas, balki inson ruhiyatining tub-tubiga quloq tutgan, millat dardini o‘z yuragidan o‘tkazgan ulkan adabiy olam. Shoir 1950-yil 13-avgust kuni Surxondaryoning maftunkor va sirli Boysun tumanida tug‘ilgan.
Boysunning qadimiy baxshichilik an’analari, dostonlari, tog‘larning mag‘rur sukunati uning bolalik tasavvurini shakllantirgan asosiy omillardan bo‘ldi. Usmon Azimning har bir she’rida Boysun tuprog‘ining tafti, Alpomishona ruh va xalq og‘zaki ijodining tirik nafasi sezilib turadi.
1972-yilda Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan ijodkor dastlab matbuot, radio va ijtimoiy sohalarda faoliyat yuritgan bo‘lsa-da, uning asl qismati So‘z xizmatida edi.
Usmon Azim adabiyot maydoniga XX asrning 70-yillari oxirida kirib keldi va tez orada o‘ziga xos ovozi, betakror uslubi bilan ajralib turdi. 1979-yilda chop etilgan «Insonni tushunish» nomli ilk she’riy to‘plami adabiy jamoatchilik uchun haqiqiy yangilik bo‘ldi. Shoir she’riyatning bosh mavzusi sifatida inson qalbini, uning ziddiyatli va murakkab ichki olamini tanladi.
Keyinchalik e’lon qilingan «Holat», «Oqibat», «Ko‘zgu», «Dars», «Uyg‘onish azobi» kabi o‘nlab to‘plamlarida u zamon va makon muammolarini, insoniy munosabatlarning eng nozik qirralarini yuksak badiiy mahorat bilan tasvirladi. Usmon Azim she’riyatining bosh xususiyati — fikrning tiniqligi va tuyg‘ularning shiddati.
Shoir fikrni yoyib, oshkora ifodalashni xush ko‘radi. Biroq, bu oshkoralik zamirida teran falsafiy mushohada yashiringan bo‘ladi. Uning «Baxshiyona» turkumidagi she’rlari esa o‘zbek she’riyatida butunlay yangi sahifa ochdi. Shoir zamonaviy dunyoqarashni qadimiy baxshiyona ohanglar va xalq donishmandligi bilan uyg‘unlashtira oldi.
Usmon Azim nafaqat lirik shoir, balki o‘zbek teatr san’ati va kinosi rivojiga munosib hissa qo‘shgan yirik dramaturg va kinodramaturg hamdir. Uning O‘zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida muvaffaqiyatli namoyish etilgan «Bir qadam yo‘l», «Alpomishning qaytishi», «Kunduzsiz kechalar» kabi pesalari tomoshabinlar qalbidan chuqur joy oldi.
Usmon Azim yaratgan obrazlar ichki iztiroblar bilan yashaydigan, tinimsiz kurashadigan va fikrlaydigan tirik insonlardir. Ustoz ijodkor nasrda ham o‘ziga xos maktab yarata oldi. Uning «Jodu», «Adibning umri», «So‘ngso‘zlar» kabi nasriy asarlari va hikoyalarida hayotning real manzaralari zamonaviy adabiy usullar bilan uyg‘unlashib ketadi. Usmon Azim hikoyalarida voqeabandlikdan ko‘ra qahramonlarning ruhiy holati, ramzlar va metaforalar ko‘proq yetakchilik qiladi.
Usmon akaning ijodi faqat O‘zbekiston bilan cheklanib qolmagan. Uning she’rlari ingliz, fransuz, nemis, turk, rus, gruzin, tojik, qozoq va boshqa ko‘plab tillarga tarjima qilingan. Turkiyada shoirning hayoti va ijodiy yo‘liga bag‘ishlangan maxsus ilmiy-tadqiqot kitoblari ham nashr etilgan.
O‘z navbatida, Usmon Azim jahon adabiyotining Pol Elyuar, Fozil Husnu Dog‘larja, Andrey Voznesenskiy kabi yirik namoyandalari asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan. Shoirning mehnatlari davlatimiz tomonidan yuksak baholanib, u «O‘zbekiston xalq shoiri» unvoni, «Do‘stlik», «El-yurt hurmati», «Fidokorona mehnatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangan. Ijodkor shuningdek, bir qator xalqaro mukofotlarga ham sazovor bo‘lgan.
Usmon Azim bugungi kunda ham tinimsiz ijodiy izlanishda bo‘lgan, milliy adabiyotimizni zamonaviy jahon adabiy tajribalari bilan boyitayotgan zahmatkash ijodkor. Shoir yosh ijodkorlarga adabiyot sirlarini o‘rgatishda faol ishtirok etib, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Ma’rifat ulashib”, Respublika yosh ijodkorlarning Zomin seminari va boshqa ko‘plab loyihalarining fidoyilaridan sanaladi. Uning ijodiy portreti tinimsiz yonish, iztirob chekish va haqiqatni izlashdan iborat qismat ko‘zgusidir.
Shoir o‘z ijodi orqali umrini so‘zlarga ko‘chirishni, qog‘oz uzra yuragini qoldirishni maqsad qilgan. Shu bois uning asarlari yillar o‘tgani sayin kitobxon qalbini sehrlashda, unga inson va hayot haqida yangi dunyolarni ochishda davom etmoqda.
Boysun tog‘laridan boshlangan sog‘inch, xalqona ohang va baxshiyona ruh Usmon Azim she’riyatida butun bir milliy adabiy olamga aylangan. Ana shu jihati bilan shoir ijodi o‘zbek adabiyotining betakror fenomenlaridan biri bo‘lib qolaveradi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri