O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida buyuk ozar shoiri Fuzuliy tavalludining 530 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan Ozarbayjon madaniyati kunlari doirasida tashkil etildi. Tadbirga ikki qardosh yurtning madaniyat, adabiyot sohasi vakillari, olimlar, tadqiqotchilar, talabalar taklif etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Karimli, adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov va boshqalar ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari tobora ravnaq topib borayotganini ta’kidladi.
–Navoiyning, Fuzuliyning satrlari manguga bitilgan bo‘lib, ularni do‘stligimiz, qardoshligimiz ramzi sifatida e’tirof etish mumkin, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Bizda Ozarbayjon adabiyotiga yuksak ehtirom bilan qaraladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida 2022 yilda chop etilgan 100 jildli muhtasham “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamining 16 jildi Ozarbayjon adabiyotiga bag‘ishlangan. Samad Vurg‘un, Anor Muallim singari ijodkorlarning asarlari o‘zbek kitobxoni tomonidan eng ko‘p o‘qiladi.
–Ozarbayjon madaniyati kunlarining mana shunday ilk muhtasham tadbirida qatnashayotganimizdan baxtiyormiz, – dedi Ozarbayjon madaniyat vaziri Adil Karimli. – Madaniyat kunlari bunday adabiy tadbirlar bilan ochilishida o‘ziga xos ma’no bor. Zero, azaldan xalqlarimiz o‘rtasidagi yaxshi munosabatlarning shakllanishi va rivojlanishida adabiyotning o‘rni beqiyosdir.
– Aprel oyida Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasida Fuzuliy tavalludining 530 yillik tadbirlarida qatnashdik, – dedi adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov. – Hazrat Navoiy Nizomiy Ganjaviyga qanchalik ehtirom ko‘rsatgan bo‘lsa, Fuzuliy ham Alisher Navoiyga shuncha ehtirom ko‘rsatadi. Navoiy va Fuzuliy ijodi o‘rtasidagi uyg‘unlik g‘azalga zargarona munosabatda, turkiy dunyoning betakror ifodasida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Anjumanda Fuzuliyning ikki jildlik “Kulliyoti” taqdimoti ham o‘tkazildi. Kitob O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan chop etilgan bo‘lib, bu nashrga Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi akademigi Isa Habibeyli va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shuhrat Sirojiddinov ilmiy muharrirlik qilgan. Kitobni Karimulla Mamatzoda nashrga tayyorlagan. Kulliyotdagi g‘azallarni fidoyi o‘zbek tarjimoni, atoqli olim Holid Rasul o‘zbek tiliga o‘girgan.
Adabiy kechada ta’kidlanganidek, mumtoz turkiy adabiyot tarixiga nazar solinsa, Navoiy ijodi ozarbayjon adabiyotiga, Fuzuliy ijodi o‘zbek adabiyotiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Fuzuliyning ozarbayjoncha devoni o‘zbek xalqi orasida XVIII-XIX asrlardayoq keng tarqalgan va bir necha bor o‘zbek tiliga nashr qilingan. G‘azallari kuyga solinib, xonandalar tomonidan asrlar mobaynida kuylanib kelinmoqda. Devonning ko‘chirilgan nusxalaridan biri O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda.
Tadbirda o‘zbek va ozarbayjon adabiyotidagi mushtaraklik, Fuzuliy ijodiyoti haqida batafsil so‘z yuritildi.
Kecha so‘ngida ozarbayjonlik san’at ustalari tomonidan Fuzuliyga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari, shoir g‘azallari bilan aytiluvchi qo‘shiqlar ijro etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri