“So‘z – qalb ko‘zgusi” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mazkur uyushma a’zosi, shoir Xurshid Nurullayevning “So‘z – qalb ko‘zgusi” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot tadbiriga yozuvchi va shoirlar, adabiyot muxlislari, olimlar, talaba-yoshlar taklif etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Suvon Meli va boshqalar Xurshid Nurullayevning ijod yo‘li haqida batafsil gapirdi.
–Hammamiz kitob zahmatini yaxshi bilamiz, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo. – Xurshid akani ma’naviyatimiz, ma’rifatimiz, she’riyatimiz fidoyisi sifatida keng jamoatchilik yaxshi taniydi. Insonning so‘zida qalbining rangi, jarangi, uning tovlanishlari yaqqol ko‘rinadi. Xurshid aka ham amali bilan so‘zi bir, qalb dunyosi she’riyatida yaqqol aks etib turgan ijodkordir. Asli shoirning qalbi bashariyat iztiroblari, dardu tashvishlariga tutash bo‘ladi. Bu jihatlar muallifning “So‘z – qalb ko‘zgusi” nomli yangi kitobidagi she’rlari orqali ham yaqqol namoyon bo‘ladi.
–Men bu kitobni o‘qib chiqib, shunday xulosaga keldimki, Xurshid allaqachon o‘z ovoziga, o‘z so‘ziga ega bo‘lgan shoir ekan, – dedi adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Suvon Meli. – Xurshidning she’rlarida metafizik, so‘fiyona tafakkur, tasavvur bor. Kitobni o‘qib, yana bir narsaga hayron qoldim. Kitob nihoyatda chiroyli chiqqan. Satrlardagi ma’nolari, hatto kitob muqovasidagi rasm ham ma’nolarga, ramzlarga to‘la.
Taniqli ijodkor, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Rustam Musurmonning fikricha, Xurshid Nurullayev she’riyatida qalb kechinmalari, ona-tabiat bilan muloqot, betakror manzaralar, insonning hayotga bo‘lgan teran falsafiy mushohadalari ustuvor o‘rin egallaydi.
Aytish kerakki, Xurshid Nurullayev 1959-yilda Samarqand zaminining Toyloq tumanida tavallud topgan. Uning ijodiy yo‘lida she’riyat bilan birga nasr, jumladan, hikoya, aforizm, hajviya, pand-o‘git kabi janrlar ham muhim o‘rin tutadi. Ijodkorning “Yomg‘ir hidi” (2005), “Tug‘yon” (2006), “Muhabbat mulki” (2008), “O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir” (2014), “Hammasi asabdan” (2014), “Muhabbat bor” (2017), “Ko‘ngildagi gaplar” (2017), “Besh fasl va yurt vasfi” (2018), “Baxtli bo‘lish o‘zimizga bog‘liq” (2019), “Ko‘ngil chashmasidan tomchilar” (2021), “Tafakkur tasviri” (2022) kabi kitoblari muallif adabiy izlanishlarining turli qirralarini namoyon etadi.
[photobank-31532]
Tadbirda Xurshid Nurullayev ijodi, uning yangi kitobi xususida atroflicha so‘z yuritildi. Darhaqiqat, “So‘z – qalb ko‘zgusi” kitobi ham muallifning umri davomida orttirgan tajribasi, odamlar bilan muloqoti, kuzatuvlari, qalbidan kechgan tuyg‘ularining badiiy ifodasidir. Xurshid Nurullayevning hayot yo‘li mehnat va mas’uliyat, ijod va izlanish, jamoatchilik faoliyati va kitobga sadoqat uyg‘unlashgan yo‘ldir.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA muxbirlari