Navoiy viloyati Milliy gvardiya boshqarmasida Navoiy davlat universitetining rus va qozoq filologiyasi, tarix hamda o‘zbek tili va adabiyoti fakultetlari tomonidan “2025 yil – Navoiy viloyatida Alisher Navoiy yili” va buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda so‘z chiqqan navoiyshunos olimlar Alisher Navoiy ijodining ahamiyati, buyuk ajdodimiz yaratgan asarlar va alloma ilmiy-ijodiy merosining mazmun-mohiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, mutafakkir bobomiz tavalludi oliygohda qizg‘in nishonlanishi ko‘p yillik an’anaga aylanganligini alohida ta’kidladi.

– Tadbirda ulug‘ bobomiz ijodiy merosining o‘rni hamda roli haqida talabalarga ma’lumotlar berildi, – deydi o‘zbek tili va adabiyoti fakulteti dotsenti Zarif Quvonov. – Ta’kidlash o‘rinliki, badiiy adabiyotning yuksalishida Alisher Navoiyning tutgan o‘rnini so‘z bilan izohlab bo‘lmaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Alisher Navoiy o‘z asarlarida 1 million 378 ming 660 tadan ortiq betakror so‘z qo‘llagan. Bugungi kunda viloyatimiz, shahrimiz, shuningdek, ko‘plab ta’lim muassasalari, ko‘chalar, mahallalar, guzarlar, istirohat bog‘lari, kinoteatr va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlari Alisher Navoiy nomi bilan yuritiladi. Bu albatta, allomaga bo‘lgan cheksiz hurmat va ehtirom belgisidir.
Tadbirda talabalar tomonidan ijro etilgan mutafakkir g‘azallari va ruboiylari, shuningdek, sahna ko‘rinishi barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.


A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri