Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi Soyibobod mahallasi haqiqatdan ham qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlik sohalaridagi muvaffaqiyatlari bilan tilga tushgan. Mahalla jamoasi har bir yangi loyiha orqali aholining turmush darajasini yaxshilash, ish bilan band bo‘lmaganlarni ish bilan ta’minlash hamda kambag‘al oilalarni kambag‘allikdan chiqarish borasida bor kuch va imkoniyatlarini ishga solmoqda.
Tuman hokimligi va bandlik bo‘limi tomonidan OAV xodimlari uchun tashkil etilgan press-tur davomida bu haqda batafsil ma’lumot berildi. Hudud aholisining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilashga qaratilgan loyihalar va amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirildi.

– "Soyibobod" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 882 ta xonadon bo‘lib, unda 4840 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi hokim yordamchisi Muhammad Mardonov. – Aholimizning asosiy shug‘ullanish sohalari dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, issiqxonachilik va tomorqachilik hisoblanadi. So‘nggi vaqtda tadbirkorlik va hunarmandchilik sohalari ham bir muncha rivojlanib bormoqda. Eng asosiysi, aholining ishsiz va kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash va ularga munosib turmush sharoitini yaratish maqsadida qator loyihalar amalga oshirilib, ana shunday oilalar va yoshlarga 1 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Buning hisobiga chorvachilik, parandachilik, bedanachilik, mebelchilik, temirchilik sohalari rivojlanib bormoqda. Bundan tashqari, 115 nafar ishsiz yoshlarimizga 50 sotixdan yer ajratib berildi. Ular ushbu yer maydonlariga “Bir kontur-bir mahsulot” tamoyili asosida o‘tgan yili oshqavoq ekishgan bo‘lsa, bu yil qovun, tarvuz, sabzi ekishdi. Shunga yarasha daromadi ham yomon emas. Muhimi, aholining mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarga nisbatan fikrlari ijobiy.

Press-tur davomida yosh tadbirkorlar bilan tanishish imkoniyati paydo bo‘ldi.
– Mebelchilik sohasidagi bilim va tajribani vodiydagi usta va hunarmandlardan o‘rganganman, – deydi Aziz Xolmamatov. – Ammo ushbu yo‘nalishda faoliyat boshlashim uchun imkoniyat, hatto zarur asbob-uskuna, arra, xomashyo yo‘q edi. Ana shunday vaqtda hokim yordamchisi va mahalla yordami bilan 50 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i olib, o‘z faoliyatimni yo‘lga qo‘ydim.
Dastlab o‘z ish faoliyatini 2-3 turdagi yotoqxona, 2-3 turdagi oshxona, mehmonxona mebel jihozlarini ishlab chiqarish bilan boshlagan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, u ishlab chiqarayotgan tayyor mebel mahsulotlarining turi 20 dan oshib ketdi. Shunga yarasha xaridor ham bor.

Bu boradagi ishni boshlaganda, unga oila a’zolari va yaqinlari yordam bergan bo‘lsa, bugun esa bu ishni 4 nafar ishchi va uning shogirdlari amalga oshiryapti.
Shunga yarasha daromadi ham yomon emas, mebelchilik yo‘nalishi ortidan bir oyda o‘rtacha 50 million so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ ishlayapti. Buning hisobidan ishchilarga ish haqi berilib, soliq va boshqa to‘lovlardan ortgan qismiga xomashyo keltirilyapti.

Shu mahallalik Madina Xolboyeva esa 30 million so‘m imtiyozli kredit olib, o‘z xonadonida bedanani parvarishlash, bedana tuxumlarini yetishtirish yo‘nalishi bo‘yicha ish faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
– Turmush o‘rtog‘im oddiy ishchi, o‘zim uch nafar farzand tarbiyasi bilan bandman. Bo‘sh vaqtimdan unumli foydalanib, ro‘zg‘orga oz bo‘lsada yordamim tegsin degan maqsadda shu faoliyatga qul urdim, – deydi u. – Ayni vaqtda 300 ta bedanam bor. Yana 3 mingta bedana uchun to‘lov qilib qo‘yganman. Nasib qilsa, ularni yangi oyning o‘ninchisiga qadar keltiraman. Eng e’tiborli tomoni, bedanachilik sohasi katta xarajat talab etmaydi. Kichik xarajat ortidan katta daromad topsa bo‘larkan.

Ayni vaqtda Madinaxon parvarishlayotgan 300 dona bedanadan bir kunda 250-270 dona bedana tuxumi olib, uni o‘z iste’molchilariga yetkazib beryapti. Buning ortidan kuniga 150 ming so‘m, bir oyda esa 4,5 million so‘m daromad qilayapti. Boquvga 3 mingta bedana ham keltirilgach, uning kunlik daromadi o‘rtacha 1,5 million so‘mga ortadi.
– Boshlanishida biroz ikkilanishlar bo‘lgan. Hokim yordamchisi yordami bilan qo‘shni mahalladagi tajribali bedanachi tajribasini o‘rganib, ko‘p bo‘lmasada, o‘zimizga yarasha tajriba orttirdik. Eng asosiysi, bedanachilik sohasi katta mehnat, katta xarajat talab etmasligi bu sohaga bo‘lgan qiziqishimizning ortishi va ushbu faoliyat turini yo‘lga qo‘yishimizga katta turtki bo‘ldi, – deydi Madinaxon.

Temirchilik yo‘nalishida hunarmandchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yakka tartibdagi tadbirkor Zuhriddin Nasriddinovning ishi ham "besh". U hokim yordamchisi ko‘magi bilan 50 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, 5 ta ish o‘rni yaratdi.
– Asosan biz metall propil, metall kompozit materiallaridan Haytek, Dubay, Diplomot, Andijon, Sharmarka usullaridagi darvoza va navis, so‘ri, tebrama kursi, tebranma beshik yasashni yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi Zuhriddin Nuriddinov. – Xaridorlarimiz yetarli, kunda bo‘lmasada, kun ora buyurtma tushib turadi. Bunda ishlab chiqarayotgan mahsulotimiz sifati, bejirim va so‘nggi fasonlar muhim o‘rin egallaydi. Qolaversa, buyurtma bo‘lsa, uni o‘z vaqtda bajarish va buyurtmachiga yetkazib berishga harakat qilamiz. Shunga yarasha, buyurtmachilarimiz va xaridorlarimiz bor. E’tiborli tomoni, ishchilarning ish haqi ham yomon emas. O‘rtacha bir oyda 7-8 million so‘mni tashkil etyapti.
Bir so‘z bilan aytganda, Soyibobod mahallasidagi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni kamaytirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Mahallada yoshlar va xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash orqali ijtimoiy-iqtisodiy holat yaxshilanmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri